Rahbarlar uchun Mirzo Ulug‘bek tumani tajribasi bo‘yicha seminar o‘tkaziladi
Yurtimizda xorijiy investitsiya ishtirokida 18 mingdan ortiq korxona faoliyat yurityapti.
Lekin ishlab chiqarishi bor 526 ta korxona biror marta ham eksport qilmagan. Shu bilan birga, yana 767 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona faqat chetdan tovar olib kelib, sotish bilan shug‘ullanyapti.
«Nega buni aytyapman? Bularning mablag‘i, tadbirkorlik ko‘nikmasi, ichki va tashqi bozorda hamkori, ko‘pchiligida brendi bor», – dedi Prezident.
Ushbu korxonalar bilan gaplashib, chetdan o‘z mahsulotini olib kelib sotayotganlariga shu yerning o‘zida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi uchun loyihalar taklif qilish, ularni mahalliy tadbirkorlar bilan bog‘lab, ehtiyot va butlovchi qismlarni ishlab chiqarish bo‘yicha kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish, mahsulotini ichki bozorda sotayotganlariga eksportga chiqish uchun nima yordam kerakligini o‘rganish muhim ekani ta’kidlandi.
Mutasaddilarga bu borada alohida dastur ishlab chiqish topshirildi.
Kecha Prezidentimiz Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan situatsion-tahlil markazida «Aqlli tuman» platformasi qanday tashkil qilingani bilan tanishdi.
Bugun barcha viloyat hokimlari mazkur tumanga o‘zi borib, yangi tizim qanday ishlayotgani, mahallalar qiyofasi, qurilishlar qanday ketayotganini kelib ko‘rdi.
Endi bir haftada viloyat prokurorlari, ichki ishlar, xavfsizlik va soliq idoralari rahbarlari uchun Mirzo Ulug‘bek tumani tajribasini ommalashtirish bo‘yicha seminar o‘tkazish zarurligi qayd etildi.
Viloyat hokimlariga ikki oyda ushbu tajriba asosida viloyat markazlari va yirik shaharlarda xuddi shunday situatsion-tahlil markazlarini ishga tushirish topshirildi.
Yig‘ilishda vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlarning hisobotlari tinglandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter