Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident Andijondagi xonadonda mehmon bo‘ldi (foto)

Prezident Andijondagi xonadonda mehmon bo‘ldi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlatimiz rahbari bundan roppa-rosa ikki yil muqaddam – 2018-yil 20-may kuni Andijon shahridagi yangi uy-joylarni ko‘rgan edi. Mazkur hududda bu masala dolzarb ekanini inobatga olib, qo‘shimcha turar joylar qurish bo‘yicha topshiriq bergandi. Shu asosida shaharda yigirmata 7 qavatli, ikkita 16 qavatli uy barpo etildi.

Prezidentimiz ushbu mavzeni borib ko‘rdi. Xonadonlardan birida bo‘lib, oila bilan suhbatlashdi, deb xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Uylar jahon standartlari asosida yaxlit temirbetondan zilzilaga bardoshli qilib qurilgan. Binoning tashqi devorlari energotejamkor bazalt materiali bilan qoplangan. Internet tarmog‘i, videokuzatuv uskunalari o‘rnatilgan. Jihozlash ishlari mart oyida yakunlanib, aholiga tayyor holda topshirildi.

Mazkur uylar hovlisida dam olish va sport maydonchalari, bolalar o‘yingohlari, avtoturargoh barpo etilgan.

Ma’lumki, Andijon aholi zichligi eng yuqori hududlardan biri. Bu yangi uylarda shuncha maydondagi boshqa loyihalarga nisbatan 2 barobar ko‘p xonadonlar joylashgani mahalliy sharoit uchun juda muhim. Shu bois xonadonlarning narxi ham xamyonbop.

Aholini turar joylar bilan ta’minlashni izchil davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

– Kambag‘allikdan chiqishning eng asosiy zamini – uy-joy. Odamlarning boshpanasi bo‘lsa, o‘zi harakat qilib, ro‘zg‘orini oyoqqa qo‘yib oladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tumanlardagi aholi zich joylarga ham kommunikatsiya olib borib, barcha sharoitlarga ega ko‘p qavatli uylar qurish, zamonaviy qishloqlar bunyod etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring