Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident Farmoni: Sog‘liqni saqlash tizimi tubdan takomillashtiriladi

Prezident Farmoni: Sog‘liqni saqlash tizimi tubdan takomillashtiriladi

Foto: «empa.uz»

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Farmonga muvofiq, quyidagilar sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishning eng muhim yo‘nalishlari deb belgilandi:

  • sog‘liqni saqlash sohasidagi milliy qonunchilikni uni unifikatsiyalash hamda tibbiy xizmat sifatini oshirish va bemorlar huquqlarini himoya qilish, shuningdek, tibbiyot xodimlarining mas’uliyati va himoyalanganligini kuchaytirishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiluvchi qonunlarni qabul qilish orqali takomillashtirish;
  • jahon standartlari asosida menejment va tibbiy xizmatlar sifatini boshqarishning eng namunali amaliyotlarini joriy etishni ta’minlaydigan zamonaviy boshqaruv tizimini va hududlarda sog‘liqni saqlashni tashkil etishning «klaster» modelini shakllantirish, tibbiyot va farmatsevtika muassasalarini akkreditatsiya qilish, shifokorlik va farmatsevtik faoliyatni litsenziyalash tizimini joriy etish;
  • tibbiyot sohasini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam hajmini belgilash, tibbiy xizmatlar uchun klinik-xarajat guruhlari bo‘yicha «har bir davolangan holat» uchun to‘lash tizimini hamda kishi boshiga moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, majburiy tibbiy sug‘urtani bosqichma-bosqich joriy etish;
  • tibbiy yordamning samaradorligi, sifati va ommabopligini oshirish, shuningdek, tibbiy standartlashtirish tizimini shakllantirish, tashxis qo‘yish va davolashning yuqori texnologik usullarini joriy etish, patronaj xizmati va dispanserizatsiyaning samarali modellarini yaratish orqali sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va kasalliklarni profilaktika qilish;
  • tibbiy genetikani, ayollar va bolalarga shoshilinch va ixtisoslashgan tibbiy yordamni rivojlantirish asosida, zamonaviy skrining dasturlarini joriy etish, “Ona va bola” hududiy ko‘p tarmoqli tibbiyot majmualari va ma’lumotlar tizimlarini shakllantirish asosida onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish;
  • xususiy sog‘liqni saqlash tizimi, davlat-xususiy sherikligini va tibbiy turizmni rivojlantirish, sog‘liqni saqlash sohasiga investitsiyalarni keng jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va raqobat muhitini yaxshilash;
  • farmatsevtika tarmog‘ini yanada rivojlantirish, narx shakllanishi mexanizmlarini takomillashtirish, dori vositalari, tibbiy texnika va buyumlar ishlab chiqarish hajmi va turlarini kengaytirish;
  • tibbiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning samarali tizimini shakllantirish, tibbiyot fanini rivojlantirish, shu jumladan, tibbiyot ilmiy va ta’lim muassasalarini xalqaro standartlar bo‘yicha sertifikatlashtirish (akkreditatsiyadan o‘tkazish) zamonaviy ta’lim dasturlari, usul va texnologiyalarini joriy etish asosida;
  • «elektron sog‘liqni saqlash» tizimini keng joriy etish, yagona milliy standartlar asosida integratsiyalashgan axborot tizimlari va ma’lumotlar bazasi majmuasini yaratish.

Farmon bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • 2019–2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi;
  • 2019–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari dasturi.
  • Vazirlik va idoralar rahbarlari Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar ekani belgilab qo‘yildi.

Farmonga ko‘ra:

  • 2019-yil 1-apreldan boshlab respublikaning ayrim tumanlarida tibbiyot muassasalarini «har bir davolangan holat» uchun klinik-xarajat guruhlari bo‘yicha va kishi boshiga moliyalashtirish tizimi (moliyalashtirishning yangi mexanizmlari) eksperiment tartibida joriy etiladi;
  • eksperiment natijalarini tanqidiy tahlil qilish asosida moliyalashtirishning yangi mexanizmlari 2020-yil 1-apreldan boshlab respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tatbiq etiladi;
  • 2019-yil 1-iyuldan boshlab viloyat va tuman (shahar) darajasidagi statsionar sog‘liqni saqlash muassasalarida aralash moliyalashtirish tizimi joriy etiladi, bunda kafolatlangan bepul tibbiy xizmat hajmiga kirmaydigan davolash turlari pullik asosda amalga oshiriladi;
  • 2019-yil 1-iyuldan boshlab ayrim davolash-profilaktika muassasalari ishlab chiqilgan investitsiya loyihalari asosida belgilangan tartibda investorlarga ishonchli boshqaruvga beriladi;
  • 2021-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda majburiy tibbiy sug‘urtalash bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Farmonga ko‘ra, 2019-yil 1-iyulga qadar «Majburiy tibbiy sug‘urtalash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ishlab chiqilishi nazarda tutilgan.

Farmon bilan sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha ishchi komissiya tashkil etildi va uning tarkibi tasdiqlandi.

Konsepsiyani amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda sifatli ishlab chiqish va kiritish hamda amaliy choralar ko‘rilishini tashkil qilish Ishchi komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilandi.

Shuningdek, Farmon bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi tashkil etilishi belgilandi.

Keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni yanada takomillashtirish va muvofiqlashtirishga qaratilgan tibbiy-ijtimoiy yordamning yagona siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, shuningdek muhtoj shaxslarni protez-ortopedik buyumlar va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlash faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish Agentlikning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlaridan hisoblanadi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring