Prezident Narpay tumanidagi vaziyatni jiddiy tanqid qildi
Prezident Samarqand viloyati bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazmoqda.
Viloyatdagi magistral yo‘llarning 34 kilometri Narpaydan o‘tgani savdo va servisni rivojlantirish uchun juda katta imkoniyat ekani ta’kidlandi. Lekin yo‘l bo‘ylarida 10-15 ta kichik servis shoxobchasidan boshqa odamlarni jalb qiladigan birorta joy yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, Mirbozor chorrahasidan kuniga 60 ming transport o‘tadi. Lekin bu yerdagi yo‘l tor bo‘lgani uchun 2 kilometrgacha tirbandlik yuzaga kelmoqda.
Qurilish uchun xomashyo zaxiralarining to‘rtdan biri Narpayda joylashgan bo‘lsa-da, qurilish materiali bo‘yicha birorta yirik korxona yo‘qligi qayd etildi.
Tuman sanoatining viloyatdagi ulushi 2 foiz. Hududidan 36 kilometr temir yo‘l o‘tgan, 21 gektarli kichik sanoat zonalari bo‘lgan tumanga bu ko‘rsatkichlar yarashmasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Samarqanddagi suvli yerlarning qariyb 10 foizi ushbu tumanga to‘g‘ri keladi. Biroq Narpay viloyatdagi qishloq xo‘jaligining 5 foizini ham bermaydi.
Tuman mutasaddilariga shu va boshqa muammoli masalalarni hal qilish yo‘llari ko‘rsatib berildi.
Narpay tumanida 100 gektarda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat zonasi tashkil qilinishi e’lon qilindi. U yerda joriy yilning o‘zida 300 million dollarlik loyihalar boshlanadi.
Mutasaddilarga sun’iy intellekt yordamida har bir mahalla imkoniyatini “diagnostika” qilish, “o‘sish nuqtalari”ni aniqlab, tumanni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish, daromadni ko‘paytirish bo‘yicha Narpay tajribasini yaratish topshirildi.
Shuningdek, Narpay qulupnaychilik maktabi tashkil etilib, tumandagi 25 ta mahalla qulupnaychilikka ixtisoslashtiriladi.
Umuman, Narpay, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi tumanlari, Kattaqo‘rg‘on shahrining viloyat sanoatidagi jami ulushi bor-yo‘g‘i 10 foizni tashkil qilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Ularda sanoatni rivojlantirish bo‘yicha dastur qilinib, 1 trillion 200 milliard so‘m ajratiladi. Bu mablag‘larning 800 milliard so‘mi sanoat loyihalarini zarur infratuzilma bilan ta’minlashga, qolgan 400 milliard so‘mi yo‘l, suv, elektr ta’minotini yaxshilash, servis va renovatsiya loyihalariga yo‘naltiriladi.
Ushbu mablag‘ doirasida Kattaqo‘rg‘on shahridan 40 kilometr masofadagi Ingichka shaharchasiga sanoat va “Yangi O‘zbekiston” qiyofasi kiradi. Bundan tashqari, Kattaqo‘rg‘on shahri markazidagi Narpay kanalidan o‘tgan, 60 yil oldin qurilgan ko‘prik ham rekonstruksiya qilinadi.
Joriy yil Samarqand viloyatiga 500 ta elektrobus olib kelish choralarini ko‘rish topshirildi.
Umuman, Narpay, Paxtachi, Payariq, Qo‘shrabot, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrida sanoat va servisni rivojlantirish, yangicha qiyofa olib kirish vazifasi qo‘yildi.Aholi chorvani uyda boqib, bahor-yoz faslida dalaga olib chiqishga o‘rgangan. Lekin chorvani o‘tlatadigan joy kamayib ketayotgani qayd etildi.
Shu bois, viloyatning 4 ta tumanida jami 43 ming gektarda jamoat yaylovlari tashkil etiladi va mahallalarga 30 yilga bepul ijaraga beriladi.
Yaylovlarda quduq qazib, suv chiqarish, urug‘ ekish va degradatsiyadan chiqarish xarajatlariga 50 milliard so‘m ajratish topshirildi.
Chorva naslchiligi uchun laboratoriya uskunasi va naslli qoramol sotib olishga 10 yilga 12 foizli kredit beriladi.
Samarqand azal-azaldan parrandachilik bo‘yicha yetakchi hududlardan hisoblanadi. Endi parranda genetikasi maktabini yaratish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish kerakligi ta’kidlandi.
Bu borada Bulung‘ur tumanida 50 million dollarlik go‘sht yo‘nalishidagi naslchilik korxonasi ishga tushiriladi. Qo‘shrabotda 20 million dollarlik tuxum yo‘nalishidagi naslchilik korxonasining faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter