Prezident: «Shaharning barcha ko‘chalaridagi ariqlarda suv aylanishi kerak»
Shahar drenaj tizimining master-rejasi ishlab chiqilib, kelgusi yildan qurilish ishlari boshlanishi e’lon qilindi.
«Shaharning barcha ko‘chalaridagi ariqlarda suv aylanishi kerak», – dedi davlatimiz rahbari.
Dastur doirasida 150 kilometr yopiq drenaj tizimini qurish, 197 kilometr kanal va kollektorlarni ta’mirlash, 63 kilometr yangi kanallar barpo qilib, shaharda salqin mikroiqlim yaratish rejalashtirilgan.
Yomg‘ir suvini yig‘adigan 17 ta inshoot barpo qilinadi. Bu suvlar daraxt va yashil hududlarni sug‘orishga ishlatiladi.
Poytaxtning barcha kommunal tashkilotlari va favqulodda xizmatlar tun-u kun ishlashga o‘tib, avariyaviy holatlarning oldini olish va tezlik bilan bartaraf etish bilan shug‘ullanishi, jamoat xavfsizligini ta’minlash ishlarini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
«Poytaxt – davlatning siyosiy, ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazi. Poytaxtni boshqarish, rivojlantirish va muhofaza qilish bo‘yicha o‘ziga xos yondashuvlar bo‘lishi kerak», – dedi davlatimiz rahbari.
Shuning uchun Toshkent shahar kengashiga orttirib bajarilgan daromadning mahalliy budjetga qaytariladigan qismidan 20 foizini tumanlarga taqsimlash vakolatini berish taklif qilindi. Shuningdek, Toshkent shahar va tuman hokimlariga mahalliy kengashlar bilan kelishgan holda bo‘sh mablag‘larni depozitga qo‘yishga ruxsat etiladi.
Umuman, Toshkent shahri faoliyatining huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilovchi «O‘zbekiston Respublikasi poytaxtining maqomi to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilish vaqti kelgani ta’kidlandi.
«Mahalla yettiligi»ning samarasini oshirishda poytaxt yetakchi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
2026-yildan Toshkent shahrida yangi tizim joriy qilinadi – «mahalla yettiligi» to‘liq shahar hokimligi ixtiyoriga o‘tadi. Hokim o‘rinbosarlariga «mahalla yettiligi» ning har bir a’zosiga yangicha yondashuv asosida KPI ishlab chiqib, tizimdagi ortiqcha hisobotlar kabi byurokratiyani yo‘qotish topshirildi.
«Yettilik» hisobotlar bilan emas, balki odamlarning og‘irini yengil qilish bilan shug‘ullanishi zarur», – dedi Prezidentimiz.
Yig‘ilish davomida poytaxt va uning tumanlari hokimlarining hisobotlari tinglandi, tadbirkorlar bilan muloqot qilindi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter