Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident yangi farmonni imzoladi

Prezident yangi farmonni imzoladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni e’lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, aholini manzilli himoya qilishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi:

  • kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy himoya tizimini joriy qilish;
  • ijtimoiy himoya tizimi samaradorligi va manzilliligini oshirish orqali aholining ko‘makka muhtoj qatlami ijtimoiylashuvini ta’minlash;
  • ijtimoiy himoyani mahalla darajasigacha tashkil etish, og‘ir hayotiy ahvolga tushib qolgan aholiga individual yondashuvga muvofiq ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish;
  • aholining ijtimoiy sug‘urta mexanizmlari bilan qamrab olinishini kengaytirish;
  • xavf guruhlariga tushib qolgan oilalarni aniqlash va kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish orqali ularning og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayot kechirishi uchun qulay muhit yaratish.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik), shuningdek, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar)larda «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etildi.

Yangi agentlik tuzilmasiga 2023 yil 15 iyundan boshlab Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimidan:

  • Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari;
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi hamda uning hududiy markazlari;
  • Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazihamda uning hududiy bo‘limlari;
  • Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha respublika reabilitatsiya markazi;
  • keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun «Muruvvat» va «Saxovat» internat-uylari;
  • Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati;
  • keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar;

2024 yil 1 yanvardan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidan:

  • Bolalar uylari;
  • Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidan mehribonlik uylari;
  • mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimidan voyaga yetmaganlar bilan ishlash sektorlari hamda oilaviy bolalar uylari;

2024 yil 1 avgustdan boshlab:

  • Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari;
  • Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidan imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktablari;

2025 yil 1 yanvardan boshlab:

  • Ichki ishlar vazirligi tizimidan muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari;
  • Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimidan Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasining Paralimpiyachilarning matonat maktabini 2023 yil 15 iyundan Agentlik tuzilmasiga o‘tkazish hamda Paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash institutining faoliyatini hamkorlikda muvofiqlashtirish bo‘yicha taklifi ma’qullangan.

Agentlik aholini ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Agentlik o‘z faoliyatini boshqa davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi tuzilgan agentlikning asosiy vazifalari ma’lum qilingandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring