Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qachongacha mas’uliyatni faqat «komissiya» kelganda his qilamiz?

Qachongacha mas’uliyatni faqat «komissiya» kelganda his qilamiz?

Kollaj: «Xabar.uz»

"Past Darg‘om buyum-savdo" bozori va "Avtoboshbekat" oralig‘idagi yo‘l aslida avtomashinalar qatnoviga mo‘ljallangan. Lekin bu yo‘ldan Samarqand-Kattaqo‘rg‘on yoki Xonchorbog‘ yo‘nalishiga o‘tib olish uchun haydovchilar uzoq vaqt yo‘qotishadi. Bozorga yondosh yo‘lning har ikki cheti kuniga "yoyma" bozorchaga aylanadi. Buning ustiga "Avtoboshbekat" tomonida joylashgan qator savdo va xizmat ko‘rsatish do‘konlari oldi ham kun bo‘yi "mo‘ltonining chodiri" qiyofasini kasb etadi. Avtomashinalar, piyodalar harakatiga ham xalaqit qilayotgan bu tartibsizlikning cheki bormi?

"Komissiya" kelar ekan, deya yaqinda yo‘l ustiga mahsulotlarni yoyib tashlagan savdogarlar yig‘ishtirina boshlashdi. Bozor ma’muriyati, profilaktika inspektori, soliqchilar, DSENM, "Toza hudud" xodimlari ham "ishga" kirishishdi. Bejiz "ishga" so‘zi qo‘shtirnoq ichida ishlatilmayapti. Shu kuni yo‘l chetidagi "lotok" ariq balchiqdan tozalandi. Savdogarlarga bozor ichiga kirib savdo qilish lozimligi tushuntirildi. Do‘konlardan piyodalar yo‘lagiga chiqarilgan mahsulotlar ichkariga olindi. Oftobda "kabob" bo‘layotgan tovuq go‘shti, oziq va nooziq tovarlar do‘konlarga kiritildi. Lekin, "tartib bo‘lar ekan-ku" deb mamnun bo‘lganlarning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi.

Ertasi kundan boshlab, yana o‘sha ahvol. Mas’ullarning mas’uliyati bir kunlik edimi? Nega doimo "komissiya kelishi"ga tartib bo‘ladiyu o‘z-o‘zimiz uchun savdo madaniyati, tartib qoidalarga rioya qilmaymiz.

— Har oy 320 ming so‘m patent to‘layman. Muqim savdo qiladigan joyim yo‘qligi sababli, bozor atrofida odam gavjum yerda, yo‘l yoqasida savdo qilyapman, — dedi savdogarlardan biri. — Savdo bilan mashg‘ul boshqalar ham shunga o‘xshash vajlarni keltirishayapti. To‘g‘ri ular ham foyda ko‘rish, ro‘zg‘or tebratish uchun shu ishning boshini tutgan. Biroq "Past Darg‘om buyum-savdo" bozorining kunbotar tomoni bum-bo‘sh. "U tarafga odamlar bormaydi, savdo yurishmaydi" deya e’tiroz bildirishlari ham o‘rinli. Nima qilish kerak? Buning uchun yo‘lni bozorga aylantirish shartmas-ku.

Bozor boshlig‘i Erkin Tilabov bozor ichida 27 ta turg‘un savdo binosi hamda bo‘sh joylar ko‘pligini aytib savdogarlarni ichkariga taklif qildi. Buning uchun yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganlar ana shu imkoniyatdan foydalanishi mumkin.
Yaratib berilayotgan shart-sharoit uchun boshlanishida ijara haqi olinmasligi aytildi. Bu taklifga kim ko‘ndi, kim yana ortga "tisarildi". Ertasi kungi ahvoldan buni bilish qiyin emas. Sababi ular orasida patent to‘lamaydiganlari ham borligi emasmikin?

"Past Darg‘om meva-sabzavot" borzorida ham xuddi shunday holatni ko‘rish mumkin. "Stoyanka" oldi turli mahsulotlar sotayotgan savdogarlar bilan o‘rab olingan.

Bunday holatlar xaridor, piyodalar va mashinalarning erkin harakatlanishiga to‘sqinlik qiladi. Sanitariya holati esa ariq va atrofda to‘plangan chiqindalardan ma’lum.

Haqli bir savol tug‘iladi. Bozorlarda tartib-intizom, tozalik va boshqa masalalar bo‘yicha deyarli barcha idoralardan mas’ul kishilar biriktirilgan. Yuqorida aytilganidek, sektor rahbarlari hududga borgan payt o‘sha mas’ullar "qimirlashadi".

"Aytish, tanqid qilish oson". Bu bozor hududiga mas’ullarning gapi. Tartib-intizom bo‘lishi uchun ozgina o‘ylaydigan, imkoniyat qidira-yotgan odam topilmayapti hududda. Ochig‘i, "Past Darg‘om buyum-savdo" bozorining "Samarqand-Kattaqo‘r-g‘on" magistral yo‘liga yondosh tashqi tomoni qator yillardan buyon qarovsiz. Qariyb, 1 gektarga yaqin shu joyni yo‘nalishsiz taksilar uchun to‘xtash joyiga aylantirish, avtoboshbekat bilan bozor oralig‘idagi yo‘lga chiqiladigan 2 darvozani (vaqtincha bo‘lsa ham) yopish kerak. Bu bilan katta yo‘l atrofidagi tirbandlikning oldi olinadi. Yana bir tomoni, Go‘zalkent qo‘rg‘oni tarafdan keladigan mashinalar ham tor joyga "tiqilmaydi". Ikkinchi o‘ng‘aylik esa bozorning odam "siyrak" qismidan ham kirish-chiqish barqarorligi evaziga kunbotar tarafdagi do‘konlar gavjumlashadi. Qisqasi, savdogarlar "odam bormaydi" deb nolishmaydi. Ana shunda bir kunlik "tartib" doimiyga aylanadi.

Mas’ullar hamon jim

"Past Darg‘om buyum-savdo" bozori va "Avtoboshbekat" oralig‘idagi yo‘l aslida avtomashinalar qatnoviga mo‘ljallangan. Lekin bu yo‘ldan Samarqand - Kattaqo‘rg‘on yoki Xonchorbog‘ yo‘nalishiga o‘tib olish uchun haydovchilar uzoq vaqt yo‘qotishadi. Bozorga yondosh yo‘lning har ikki cheti kuniga "yoyma" bozorchaga aylanadi…"

Yuqorida keltirilgan jumlalar gazetaning bir oy oldingi 21-sonida chop etilgan "Bozor atrofida bir kunlik "tartib" maqolasidan keltirildi. Mazkur holat bo‘yicha DSENMdan chora-tadbirlarni amalga oshirgani to‘g‘risida munosabat bildirildi. Unda tuman hokimiga "Past Darg‘om buyum-savdo" kompleksi oldidagi avtomashinalar to‘xtash bekatidan "Favvora" restoranigacha bo‘lgan masofada noqonuniy bozorcha tashkil etilgani va ariqlarda chiqindilar to‘lib "Toza hudud" DUK tomonidan o‘z vaqtida olib ketilmayotgani aytilgan. Shuningdek, "Avtoboshbekat" rahbari N.Pirnazarovga hududda attorlik buyumlari va oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qilishni to‘xtatish, obodonlashtirish ishlarini tashkil etish haqida hamda "Past Darg‘om buyum-savdo" bozori rahbariga bozorga kirish darvozasi oldida xaridorlar uchun mo‘ljallangan yo‘laklarda savdo qilishga barham berish to‘g‘risida sanitariya tavsiyanomasi berilgani aytilgan.

"Past Darg‘om buyum-savdo" MChJ savdo majmuasi raisining javob xatida esa ko‘chada savdo qilayotgan fuqarolar bilan alohida suhbat o‘tkazilgani, majmua hududida 27 ta bo‘sh turg‘un shaxobchalari va yopiq binodagi 88 ta savdo rastalarida obodonlashtirish ishlari olib borilgani bildirilgan. Demak, tadbirkorlar bemalol kirib joylashishiga sharoit bor.

Otabek Ergashev


TAHRIRIYaT: Ikki bozor va avtoboshbekatning atrofiga yana nazar soldik. Achinarli holat, oldingi tartibbuzarliklar ko‘paysa ko‘payganu kamaymagan. Yo‘llar tirband, taksi-yu vaqtincha turargohga aylangan yo‘l tartibsiz. Ko‘chma do‘konlar, savdogarlarning yo‘lga yoyilgan joylari-yu chodirlari o‘tgan asrni esga soladi. Hamma shu gavjum joyga intiladi. "Toza hudud" DUK chiqindi mashinasi esa belgilangan joyga kirishga qiynalib, konteynerni tozalashga ulgurmayapti. Ariqlardagi chiqindini kim tozalaydi, bu noma’lum. Bir so‘z bilan aytganda tanqiddan so‘ng, hech narsa o‘zgarmadi. Bozor atrofida tartib bo‘lishi uchun har gal "komissiya kelishi"ni kutayotgan mutasaddilar esa jim. Ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, oraliqdagi yo‘lga mashinalar to‘xtab turishini taqiqlovchi belgi qo‘yilishi kerak. Soliq idorasidagilar esa ko‘cha savdosiga barham berish uchun bozor ma’muriyatiga ko‘maklashishi zarur. Aks holda tartib bo‘lmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring