Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Ryodan» harakati 50 nafarga yaqin bolani Toshkent ko‘chalariga «olib chiqdi». IIBB ogohlantirmoqda

«Ryodan» harakati 50 nafarga yaqin bolani Toshkent ko‘chalariga «olib chiqdi». IIBB ogohlantirmoqda

Foto: IIV

Avvalroq bir nechta davlatlarda turli buzg‘unchi va adovat g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi «Ryodan» harakati Toshkent shahriga kirib kelgani va o‘zining guruhini tashkil etgani haqida xabar berilgandi.

Joriy yilning 5 mart kuni ushbu guruh a’zolari tomonidan soat 18.00 da Forumlar saroyi oldida yig‘ilish o‘tkazilishi va pnevmatika, sovuq qurollar, o‘qotar qurollar bilan qurollanib kelishligi haqida xabar chiqarilgan. Mazkur xabarlarni tekshirish va jamoat tartibi buzilishini oldini olish maqsadida Toshkent shahar IIBB tomonidan maxsus tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.

Unda aniqlanishicha, 5 mart kuni taxminan soat 18.00 larda poytaxtimizning Xalqaro forumlar saroyi oldida 50 nafarga yaqin voyaga yetmaganlar to‘plangan. Ular Yashnobod tumani IIO FMBga olib borilib, profilaktik suhbat o‘tkazilgan. O‘rganishlar jarayonida 9 nafar voyaga yetmagan shaxs ijtimoiy tarmoqlardagi «Ryodan» kanaliga a’zoligi ma’lum bo‘ldi. Barcha voyaga yetmagan shaxslar shu kunning o‘zida ota-onasi yoki yaqinlari bilan birga uyiga qo‘yib yuborilgan, hech kim protsessual tartibda ushlanmagan.

Ommaviy tartibsizlikni, diniy, milliy, etnik adovatni targ‘ib qiluvchi xabarlarni tarqatgan shaxslarni aniqlash yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.

«Hurmatli poytaxtimiz aholisi va mehmonlari! Xabaringiz bor, hozirda ijtimoiy tarmoqlar orqali axborot xuruji avj olmoqda. Turli oqimlarning paydo bo‘lishi ketidan, g‘arazli niyatdagi shaxslar bu oqimlarni boshqarishga, buzg‘unchi g‘oyalarni targ‘ib qilishga, aholi orasida adovat va vohima uyg‘otishga harakat qilmoqda. «Ryodan» harakati a’zolari tomonidan tarqatilgan xabarlar va shu mazmundagi boshqa xabarlarning barchasi Ichki ishlar organlari tomonidan tekshiriladi, har bir holat o‘rganiladi va qonuniy baho beriladi», deyiladi xabarda.

Toshkent shahar IIBB ota-onalardan farzandlari nimalar bilan bandligi va ularning qiziqishiga e’tiborli bo‘lishni, ular turli ommaviy tartibsizliklar va buzg‘unchi g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi oqimlarga qo‘shilib qolmasligini nazorat qilishini so‘ragan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring