Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Saylovda imkoniyati cheklanganlar: Tenglar ichra teng, faollar ichra faol...

Saylovda imkoniyati cheklanganlar: Tenglar ichra teng, faollar ichra faol...

«Poytaxt» biznes markazida O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi tashabbusi bilan YeXHT hamkorligida xavfsizlik masalalari bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi va nogironlarning saylov huquqlarini amalga oshirish mavzusida o‘tgan seminar qizg‘in muhokamalarga boy bo‘ldi.

«Siyosiy va jamoat hayotida ishtirok etish — bu inson huquqi va boshqa huquqlarni amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadam. Barcha fuqarolarning ijtimoiy va siyosiy hayotda ishtirok etishlari uchun teng imkoniyatlarsiz mamlakat chinakam demokratik bo‘la olmaydi. Saylovlarda bevosita ishtirok etish nogiron kishining to‘liq hayoti uchun juda muhimdir» —  dedi YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Jon Makgregor.

«O‘tgan yili nogironlarning o‘z saylov huquqlarini amalga oshirishlari uchun O‘zbekiston nogironlar uyushmasi bir qancha tavsiyalarni ishlab chiqdi: Saylov uchastkalari binolari odamlarning nogironlar aravachasida harakatlanishi uchun mos bo‘lgan panduslar va to‘siqlar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Qolaversa, imkoniyati cheklangan shaxslarning ko‘pchiligi o‘z ulovida keladi va avtoturargohda ular uchun alohida belgi qo‘ylishi ham maqsadga muvofiq. Agar saylov uchastkasi joylashgan binoga kirish eshigi harakatlanishi, ko‘rish qobiliyati va nogironlar aravachasi imkoniyati cheklangan saylovchilarni qabul qilish uchun maxsus moslamalar bilan jihozlanmagan bo‘lsa, saylov komissiyalari mahalliy hokimiyat va hududiy organlarga murojaat qilishlari shart. Qurilmalarning yuqoridagi standartlarga muvofiqligini tekshirish uchun saylov komissiyasi a’zolari, nogironlar jamoat tashkilotlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakillarini o‘z ichiga olgan ishchi guruhini tuzish tavsiya etiladi», — dedi assotsiatsiya rahbari Oybek Isoqov.

«Nogironlarning saylov huquqlari va ishtirokni ta’minlash chora tadbirlar loyihasini ishlab chiqdik», — deydi markaziy saylov komissiyasi o‘quv markazi direktori Shuhrat Fayziyev. — «Bu qaror loyihasi bir necha bandlardan iborat bo‘lib hududlardagi nogironligi bor insonlarni aniqlash, ularga barcha saylov uchastkalarida sharoit yaratish, deputatlikka nomzodini qo‘ygan nogironlarga har tomonlama yordam berish kabi muhim takliflarni  o‘z ichiga olgan. Maqsadimiz bunday shaxslar o‘zlarini shiorimizda ta’kidlanganidek, «Tenglar ichra teng, faollar ichra faol» his qilishsin».

Tadbir doirasida nogironlarning turli jamoat tashkilotlaridan kelgan vakillar ham o‘zlarini qiynayotgan muammolarga to‘xtalib o‘tdilar. Masalan, ko‘zi ojizlar uchun brayler formatidagi trafaretlar, yaxshi ko‘rmaydiganlar uchun lupalar, audio formatdagi ma’lumotlar tarqatilishi, aravachada harakatlanayotgan shaxslarning xohish-irodasi qulay bo‘lishi uchun saylov uchastkalarida yashirin ovoz berish uchun maxsus kengroq kabinalar o‘rnatilishi va past stolga ega bo‘lishi kabi taklif va tavsiyalar bir ovozdan ko‘pchilikka ma’qul bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring