Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senatorlar «Noshirlik faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunni ma’qulladi

Senatorlar «Noshirlik faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunni ma’qulladi

Dastlab 2020-yilda senatorlarning ayrim e’tirozlari sabab qaytarilgan, so‘ng qonun tashabbuskorlari va deputatlar tomonidan qayta ishlab chiqilgan mazkur hujjat bugun Senatning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida keng muhokama qilindi.

Yangi tahrirdagi ushbu Qonun «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi Prezident qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Qonunda amaldagisida bo‘lmagan asosiy tushunchalar hamda ularni izohlovchi tegishli modda kiritilmoqda. Bu o‘zgarish Qonundagi muayyan qoidalar noaniqligining oldini oladi.

Hujjatda noshirlik faoliyati sub’yektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish usullarini aniqlash, xususan, ularning moliyaviy holati va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishga investitsiyalarni jalb qilish, noshirlik faoliyatini amalga oshirishda soliq va boshqa imtiyozlarni belgilash ko‘zda tutilgan.

Xususan, noshirlik faoliyatini litsenziyalash tartibi o‘rniga noshirlik faoliyatini boshlaganligi haqida vakolatli davlat organini xabardor etish tizimini joriy qilish — mazkur sohada tadbirkorlikni rivojlantirishga amaliy yordam beradi.

Shuningdek, matbaa mahsulotlarida nashrning chiqarilishiga doir ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozimligi hamda ularning ro‘yxati qonuniylashtirilmoqda. Bunday ma’lumotlar nashr etilayotgan mahsulotlarning qat’iy adadi auditini, noshirlik sohasi ahvolining statistikasini va rivojlanish dinamikasini rejalashtirishni ta’minlaydi, xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqarilayotgan bosma mahsulotlarning hisobi yuritilishini tashkil qilish imkoniyatini beradi.

Xalqimizning, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy va estetik ehtiyojlariga mos sifatli kitoblarni nashr qilish, kitoblarni qulay narxlarda joylarga yetkazib berish, noshirlik-matbaa sohasini qo‘llab-kuvvatlash va rivojlantirishni ta’minlashda muhmi ahamiyatga ega bo‘lgan mazkur Qonunni ma’qullash to‘g‘risida Senatning qarori qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring