Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senatorlar o‘zlari ma’qullagan qonunni eslay olishmadi

Senatorlar o‘zlari ma’qullagan qonunni eslay olishmadi

Yangi tahrirdagi «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun 2021-yil 26-iyun kuni Senat yalpi majlisida ma’qullangan edi.

19-noyabr kuni AOKA majlislar zalida Oliy Majlis Senati a’zolari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Kun.uz muxbiri Senat tomonidan 5 oy oldin ma’qullangan «Davlat tili to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonunning keyingi taqdiri bilan qiziqqan.

Senator Narimon Umarov jurnalistning savoliga javoban bu qonun yangi tahrirda Senatga hali kirmaganini bildirgan.

«Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda bizga kirmagan. Buni kimlardir ishlayotganidan xabarimiz bor. Lekin bu hali loyiha sifatida ham ko‘rilmagan. Ma’lumotingiz uchun, Qonunchilik palatasidan bizga hali kirib kelmagan», – degan senator.

Shundan so‘ng jurnalist tushunmovchilik bo‘layotgani, ushbu qonun Senatda allaqachon ma’qullanganini tushuntirishga uringan. Ammo Narimon Umarov keskin rad etgan.

«Biz kecha-kunduz Senatda o‘tirib ishlaymiz, siz esa yodingizga bir kelganda Senat bilan gaplashasiz. Kirgan bo‘lsa, aytardik. Kirgan derdik. Qonunchilik palatasidan so‘rang, do‘stim. Bizda yo‘q. Nima, yosh bolaga o‘xshab bir-birimizni aniqlashtiramizmi endi?

Kimdir saylov oldidan qonunda o‘zgarish qilaman deb yuribdi, lekin bu hali o‘zgarish degani emas. U qonun hali kirishi kerak, loyiha sifatida qabul qilinishi kerak», – degan Senat a’zosi.

Aslida esa «O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida»gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini Qonunchilik palatasi shu yilning 24 mart kuni qabul qilgan.

Shundan keyin qonun 26 iyun kuni Senatning 16-yalpi majlisida muhokama qilingan va ma’qullangan. Bu haqda Senatning rasmiy saytida ham ma’lumot berilgan.

19 noyabrdagi matbuot anjumanida Narimon Umarovdan tashqari yana o‘ndan ortiq senator qatnashsada ular ham masalaga aniqlik kiritmay, sukut saqlashgan.

Konstitutsiyaning 84-moddasiga asosan, Senat ma’qullagan qonun imzolanishi va e’lon qilinishi uchun o‘n kun ichida prezidentga yuboriladi. Qonun prezident tomonidan 30 kun ichida imzolanadi va e’lon qilinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring