Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sertifikat nega bitta? Aholini ro‘yxatga olishda eng ko‘p uchrayotgan savollarga javoblar

Sertifikat nega bitta? Aholini ro‘yxatga olishda eng ko‘p uchrayotgan savollarga javoblar

Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayoni doirasida fuqarolar tomonidan onlayn savolnomani to‘ldirish bilan bog‘liq turli savollar kelib tushmoqda. Ushbu savollarga rasmiy javoblar taqdim etiladi.

— Men savolnomada oila a’zolarimni ham kiritib, onlayn ro‘yxatdan o‘tdim. Faqat menga sertifikat chiqdi. Lekin oila a’zolarimning ish joyidan ularni ro‘yxatdan o‘tganligini isbotlovchi sertifikat so‘rashmoqda. Bunda qanday yo‘l tutsa bo‘ladi?

— Agar siz onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayonida oila a’zolaringizni ham o‘zingiz bilan birga yagona savolnoma orqali kiritgan bo‘lsangiz, demak, ular ham ro‘yxatga olingan hisoblanadi. Bu qonun talablariga to‘liq mos.

Biroq tizim texnik jihatdan faqat bitta — asosiy respondent nomi bilan sertifikat shakllantiradi. Shu sababli oila a’zolaringiz uchun alohida sertifikat avtomatik tarzda chiqarilmaydi.

Agar sizga xonadon tarkibida kimlar ro‘yxatdan o‘tganini tasdiqlovchi ma’lumot kerak bo‘lsa, ushbu ma’lumot sertifikatning quyi qismida keltirib o‘tilgan. Ish joyingiz tomonidan onlayn ro‘yxatdan o‘tganlikni tasdiqlovchi hujjat so‘ralsa, mazkur ro‘yxatni taqdim etishingiz mumkin.

— Ro‘yxatdan o‘tishda propiskada turganlar ko‘rsatiladimi yoki amalda yashab turganlarmi?

— Ro‘yxatga olish jarayonida faqat respondent bilan birga hozirda bir uyda yashab turgan oila a’zolari ro‘yxatga kiritiladi. Propiskada turgan, ammo hozirda birga yashamayotgan shaxslar kiritilmaydi.

— JShShIRni kiritib bo‘lmayapti. Shuningdek, bolani ham qo‘shib bo‘lmayapti. Nima qilish mumkin?

— census.stat.uz saytiga OneID orqali kirilganda oila a’zolari haqidagi ma’lumotlar avtomatik ravishda chiqadi. Agar ma’lumotlarda xato yoki kamchilik bo‘lsa, ularni to‘g‘rilash, a’zo qo‘shish yoki o‘chirish mumkin.

Ma’lumot uchun: hozirda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarda ham JShShIR mavjud. Uni my.gov.uz saytidagi «Mening oilam» bo‘limi orqali olish mumkin.

— Ayrim davlat tashkilotlarida ro‘yxatdan o‘tishni majburiy qilib, kadastr hujjatlari talab qilinmoqda. Bu to‘g‘rimi?

— Yo‘q. Ro‘yxatdan o‘tish uchun kadastr raqami yoki kadastr hujjatlari talab etilmaydi. So‘rovnomada faqat uy-joy, qurilish va yashash xonalari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlari maydoni bo‘yicha umumiy ma’lumotlarni bilish yetarli.

Ro‘yxatdan o‘tish majburiymi, degan savolga kelsak, davlat organlari va tashkilotlari tizimida ishlayotgan xodimlar uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish belgilangan muddatlarda — 2026 yil 15 yanvardan 31 yanvarga qadar — ta’minlanishi Prezident farmonida belgilangan. Shu bilan birga, belgilangan muddat tugashidan oldin xodimlarni majburiy tarzda shoshilinch ro‘yxatdan o‘tkazish nazarda tutilmagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring