Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev Xalqlar do‘stligi bayrami bilan tabrik yo‘lladi

Shavkat Mirziyoyev Xalqlar do‘stligi bayrami bilan tabrik yo‘lladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida mamlakatda hukm surayotgan millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik va hamjihatlikni yurtning eng katta boyligi deb atadi.

Davlat rahbari ta’kidlaganidek, bugungi kunda mamlakatda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari ahil-inoq yashab, O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda. Uning qayd etishicha, milliy-madaniy xilma-xillik Yangi O‘zbekistonning insonparvar davlat sifatidagi nufuzini mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Prezident so‘nggi yillarda «Bizning kuchimiz – birlik va hamjihatlikda» degan g‘oya asosida millatlararo munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilganini ta’kidladi. Bu yo‘nalishda qabul qilingan 10 ta normativ-huquqiy hujjat, jumladan, Millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosati konsepsiyasi muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani qayd etildi.

Prezidentga ko‘ra, keyingi yillarda 157 ta milliy madaniy markaz va 46 ta do‘stlik jamiyatining moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi. Ularda o‘tkazilayotgan festivallar, do‘stlik kechalari va madaniy tadbirlar mamlakatning ma’rifiy hayotida muhim o‘rin egallamoqda.

Bugungi kunda ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoni yetti tilda olib borilmoqda. Qardosh tillardagi maktablar davlat hisobidan darsliklar bilan ta’minlanmoqda, ommaviy axborot vositalari orqali 12 tilda teleradio dasturlari efirga uzatilmoqda hamda 14 tilda gazeta va jurnallar chop etilmoqda.

Shuningdek, poytaxtdagi milliy madaniy markazlar paviloni, «Bag‘rikenglik bog‘i», hududlarda tashkil etilgan etno va sayyohlik qishloqlari millatlararo do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Tabrikda Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil rivojlanayotgani, xalqlar o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalar tobora kengayayotgani qayd etildi.

Prezident turli millat va elat vakillaridan iborat professional «Do‘stlik» ansamblini tashkil etish rejalashtirilganini ma’lum qildi. Davlat rahbari ushbu ijodiy jamoa mamlakat madaniy hayotida munosib o‘rin egallashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishini bildirdi.

Tabrik so‘ngida Shavkat Mirziyoyev barcha yurtdoshlarni Xalqlar do‘stligi kuni bilan qutlab, ularga sihat-salomatlik, oilaviy baxt va Vatan ravnaqi yo‘lida yangi muvaffaqiyatlar tiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring