Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev: Xalqlar o‘rtasidagi muloqot va hamkorlikni mustahkamlashda sportning o‘rni beqiyos

Shavkat Mirziyoyev: Xalqlar o‘rtasidagi muloqot va hamkorlikni mustahkamlashda sportning o‘rni beqiyos

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh assambleyasida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Davlat rahbari o‘z nutqida globallashuv tobora kuchayib borayotgan dunyoda davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi muloqot, o‘zaro tushunish va hamkorlikni mustahkamlashda sportning beqiyos o‘rni haqida to‘xtaldi.

Sportning butun bashariyatni, jumladan, Osiyo qit’asi xalqlarini birlashtirishdagi o‘rni va ta’siri e’tiroy etildi.

«Osiyo Olimpiya Kengashi qit’amizning 4 milliard 800 milliondan ortiq aholisini birlashtirib, Olimpiya harakatining do‘stlik, o‘zaro hurmat, adolat va tenglik kabi ezgu g‘oyalarini faol targ‘ib etmoqda. Sizlar mintaqamizdagi ijobiy o‘zgarishlarga ulkan hissa qo‘shib, sport diplomatiyasi orqali «Jipslashgan Osiyo» namunasini ko‘rsatib bermoqdasiz.

Fursatdan foydalanib, bizga yuksak ishonch bildirib, Osiyo Olimpiya Kengashining 46-Bosh Assambleyasini mamlakatimizda o‘tkazayotgani uchun Kengash rahbariyatiga O‘zbekiston Prezidenti va Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbari sifatida alohida minnatdorlik bildiraman.

Bugun mana shunday tarixiy anjumanda Sizlar bilan go‘zal va betakror yurtimiz zaminida uchrashib turganimizdan mamnunman», – dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, yirik platforma – Osiyo Olimpiya Kengashining Bosh Assambleyasida ko‘pgina masalalar muhokama qilinganini, shular qatorida aynan Toshkent shahrida Kengashning Prezidenti lavozimiga saylov bo‘lib o‘tayotgani tarixiy voqea bo‘lganini ta’kidadi. Ushbu lavozimga saylangan Shayx Jav’an bin Hamad ol Soniyni samimiy qutladi.

«O‘tgan yili aprelda – bugun yangi saylangan Prezident bilan uchrashuvimiz chog‘ida sportni rivojlantirish borasida sermazmun suhbat qilgan edik. Shayx Jav’an hazratlari Milliy Olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti sifatida Qatarda futbol va suv sporti bo‘yicha jahon chempionatlari kabi ko‘plab yirik sport tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazgan, katta bilim va tajribaga ega shaxs. Bu inson o‘zining noyob salohiyati va samarali faoliyati bilan nafaqat Osiyo qit’asi, balki butun dunyoda sport rivojiga ulkan hissa qo‘shmoqda. Bugun Osiyo Olimpiya Kengashi mana shunday malakali nomzodni Prezident lavozimiga saylab eng to‘g‘ri qarorni qabul qildi, deb o‘ylayman.

Ishonamanki, Shayx Jav’an hazratlarining bevosita rahbarligida Osiyo Olimpiya Kengashining nufuzi bundan ham yuksaladi», – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Davlat rahbari nutqida so‘nggi yillarda Osiyo Olimpiya Kengashi bilan ko‘p qirrali hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilgani eslandi. Jumladan, 2022 yilda Osiyo Olimpiya Kengashi Ijroiya qo‘mitasining 77-sessiyasi O‘zbekistonda muvaffaqiyatli o‘tkazilgan. Tashkilot tomonidan O‘zbekiston vakili ilk bor Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezident etib saylandi.

«2029 yilgi Yoshlar Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilish uchun aynan O‘zbekiston tanlanganini biz mamlakatimizga mas’uliyatli sport hamkori sifatida berilgan yuksak baho, deb qabul qilamiz. Bu ishonch esa bizga qo‘shni va qardosh bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan sport aloqalarini mustahkamlash uchun puxta zamin yaratmoqda.

Shu o‘rinda Osiyo Olimpiya Kengashi Bosh direktori va «World Aquatics» federatsiyasi rahbari Husayn al-Musallam janoblari o‘zbek sportining uzoq yillik va ishonchli do‘sti ekanini alohida ta’kidlashni istar edim. Bu kishi 1993 yildan buyon yurtimizga muntazam tashrif buyuradi. O‘zbekistonga katta mehr qo‘yib, mamlakatimizning xalqaro sport bo‘yicha tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Janob Husayn al-Musallam nafaqat Osiyoda, balki xalqaro miqyosda o‘zining aql-zakovati, qat’iyat va irodasi, barchaga birdek munosabati bilan keng sport jamoatchiligi ishonchini qozongan. Suv sporti barcha turlarining butun dunyoda yangi bosqichga ko‘tarilgani bu fikrning yaqqol tasdig‘idir. Xususan, Los-Anjeles – 2028 Olimpiya o‘yinlarida suv sporti turlari dasturi 49 tadan 55 taga ko‘paygani, eng avvalo, rivojlanayotgan davlatlar uchun yangi imkoniyat bo‘ldi.

Kuni kecha yurtimizda «World Aquatics» federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishi o‘tkazilib, uning Mintaqaviy filiali tashkil etilgani Markaziy Osiyo sport hamjamiyati uchun katta ko‘mak va madad bo‘lishi shubhasiz.

Ta’kidlash joizki, Osiyo Olimpiya Kengashi amalga oshirayotgan ishlarni butun dunyo sport jamoatchiligi har jihatdan tan olmoqda. Jumladan, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Kirsti Koventri xonimning Bosh Assambleyaga yo‘llagan videomurojaati ham bunga yaqqol misoldir.

Anjumanda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi vakillari sifatida Jeyms Makleod va Birlashgan kurash dunyosi prezidenti Nenad Lalovich ishtirok etayotgani ham ana shunday yuksak e’tiborning dalilidir», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, davlat rahbari O‘zbekiston halol sport tamoyiliga amal qilib, dopingga qarshi kurashning qat’iy tarafdori bo‘lib qolishini ta’kidladi. Bu borada Butunjahon antidoping agentligining adolatli siyosati to‘liq qo‘llab-quvvatlanishini ma’lum qildi.

«Bugun ushbu Agentlik tomonidan Toshkentda Markaziy Osiyo mintaqaviy antidoping tashkilotlarining yig‘ilishi va Xalqaro forum o‘tkazilayotgani muhim ahamiyatga ega. Ushbu tadbir mahalliy mutaxassislar uchun antidoping qoidalari bo‘yicha tajriba almashish imkoniyatini berishi shubhasiz.

Shuningdek, anjumanda qatnashayotgan xalqaro sport tashkilotlarida 50 dan ortiq yurtimiz vakillari samarali faoliyat yuritayotganini ham mamnuniyat bilan ta’kidlaymiz.

Tadbir doirasida Xalqaro va Osiyo sport tashkilotlari bizning milliy sport federatsiyalarimiz bilan 20 dan ziyod muhim bitimlar imzolaganini ham olqishlaymiz. Ular o‘z yo‘nalishlarida har bir hududimizdan 1 tadan sport maktabini tanlab olib, haqiqiy namunaga aylantirish uchun ko‘maklashayotganidan minnatdormiz.

Misol uchun, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi – Bo‘stonliq tumanida Akbar Jo‘rayev nomidagi og‘ir atletika sport klubini zamonaviy ilmiy yondashuv asosida rivojlantirish; Birlashgan kurash dunyosi tashkiloti – Mintaqaviy sport kurashlari akademiyasini tashkil etish; Osiyo voleybol konfederatsiyasi – har bir viloyatimizda voleybol bo‘yicha 1 tadan sport klubini bunyod etish; Chim ustida hokkey xalqaro federatsiyasi – Toshkent va Xorazm viloyatlarida 2 ta stadion qurish kabi aniq maqsad va natijaga yo‘naltirilgan kelishuvlarga erishgani quvonarlidir.

Mazkur loyihalarni to‘la-to‘kis amalga oshirish uchun mening joylardagi vakillarim bo‘lgan hokimlar va sport federatsiyalarimiz rahbarlari shaxsan mas’ul bo‘ladi», – dedi Prezident.

Davlat rahbari nutqi so‘ngida Olimpiya harakatini rivojlantirish, muhim sport tashabbuslarini ilgari surishga qo‘shayotgan alohida hissasi uchun Shayx Jav’an ol Soniyni O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining «Shon-sharaf» ordeni bilan taqdirlashini e’lon qildi.

«So‘zimning yakunida shuni alohida ta’kidlayman: Yangi O‘zbekiston barcha davlatlar bilan sport sohasida ko‘p qirrali hamkorlikka hamisha tayyor.

Bu sharafli yo‘lda sizlar kabi yaqin do‘stlarimizga eshiklarimiz ham, yuraklarimiz ham doimo ochiq.

Barchangizga ulkan kuch-g‘ayrat, omad va zafarlar tilayman», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring