Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shofirkon tug‘uruqxonasida janjal: aslida nima bo‘lgan?

Shofirkon tug‘uruqxonasida janjal: aslida nima bo‘lgan?

Ijtimoiy tarmoqlarda Shofirkon tumanida joylashgan tug‘uruq kompleksida sodir bo‘lgan holat yuzasidan video tarqaldi.

Videoda yoshi keksa fuqaroning shifokorlarni poraxo‘rlikka ayblab, eshik oynasini sindirgani va bir ayolning yerda yiqilib yotgani holati aks etgan. Unda fuqaro, ya’ni tug‘ilgan chaqaloqning bobosining aytishicha, tug‘uruq kompleksidan bolani olib chiqish uchun shifokorlardan biri undan pul berishini talab qilgan. Ular so‘ralgan pulni berishmasa, ona va bolani uyiga ruxsat bermasliklarini bildirishgan. Shundan so‘ng fuqaro tibbiyot xodimlari bilan tortishuvga borgan.

Videoxabar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha,  joriy yilning 6-oktyabr kuni Shofirkon tumani, Jo‘yrabod mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi ayolda tuman Markaziy shifoxonasi Tug‘uruq bo‘limida fiziologik tug‘uruq qayd etilgan. Oradan uch kun o‘tgach, 9-oktyabr kuni ayolning  qaynotasi kelinini uyiga olib ketishini so‘ragan. Biroq, tibbiyot xodimlari tomonidan kelinning holatidan kelib chiqib, uni 10 oktyabr sanasida uyiga ketishga ruxsat berilishi ma’lum qilishgan.  Shunga qaramasdan, qaynota tomonidan keskin norozilik bildirilgan. Jahlga mingan fuqaro shifokorlarning suyunchi puli talab qilishganini va ular so‘ragan pulni bera olishmagani uchun uyiga ruxsat berishmayotganini aytgan.

Holat ichki ishlar idoralari tomonidan kuzatuv kameralari orqali o‘rganilgan. Unda yerda yotgan ayol, ya’ni fuqaroning xotini u eshik oynasini jahl ustida qasddan sindirayotgan vaqtda qo‘lining zarb bilan tegib ketishi oqibatida ayolning yerga yiqilib ketgani ko‘ringan.

Mavzu yuzasidan muhokamalar kuchaygan, Tug‘uruqxonada janjal ko‘targan fuqaroning keyingi videosi tarqalgan. Unda o‘zini K.N. deb tanishtirgan fuqaro bo‘lgan holatni so‘zlab berayotganda: «Meni shifokorlar o‘z qabuliga chaqirishdi va kelinim tuqqani uchun xayriya qilishimni so‘rashdi. Men «sizlarga davlat oylik bermaydimi» deb so‘raganimda: «kolodetslarni chiqindidan tozalash uchun xayriya qiling» deyishdi. Men esa narxini so‘raganimda «Himmatingiz» deyishdi. Men esa rozi bo‘lib, cho‘ntagimdan yigirma besh ming so‘m pul chiqarib berdim. «Bu pulingizni borib lo‘lilarga bering» deb pastga urishdi. Men hozir yonimda pulim yo‘qligini, o‘g‘lim kelsa, o‘zi hal qilishini aytdim.  O‘g‘lim 10 yilda o‘g‘il farzand ko‘rgandi, 4 nafari nobud bo‘lgandi. Vaziyatni tushuntirishimniyam inobatga olishmadi. «Jarima» sifatida kelinimga ruxsat berishmasligini aytdi»,-degan fuqaro.

Fuqaro N.K.ning so‘ziga ko‘ra, yiqilgan xotiniga e’tibor bermay, tibbiy yordam ko‘rsatishmagani uchun jahl ustida eshik oynasini sindirib, baqir-chaqir qilgan. Shuningdek, fuqaro uni tibbiyot xodimlarining nojoiz so‘zlar bilan haqorat qilishgani, hatto, pichoqni qo‘lga olib, K.N.ni o‘ldirishga tahdid qilgani to‘g‘risida gapirgan.

Ko‘p o‘tmay, Shofirkon tumanidagi guruhlardan birida tibbiyot xodimlarining bir necha kun ilgari tuqqan va bemor holatda bo‘lgan ayol bilan tortishishgani, ayolning qon yo‘qotayotgan holatda o‘rnidan turib,  yig‘lab, noma’lum muammoga duch kelgani videosi tarqalgan.

«Keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘layotgan holat tekshirilmoqda. Aniqlik kiritilganidan so‘ng javobgarlik masalasi hal etiladi. Ayni damda fukaro tomonidan keltirilgan vaj, ya’ni tibbiyot xodimlarining «korrupsiya holatlari qayd etilgan» degan jumla huquq-tartibot idoralari tomonidan nazoratga olingan va o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Yana shu o‘rinda aytish kerakki, pul so‘rasa, kasalxonaning eshiklarini sindirib tashlash kerak, degani emas. Belgilangan tartibda organga murojaat qilishi kerak edi. Bu yerda huquqbuzarlik uchun javobgarlik masalasi yo‘q emas. Tafsilotlar to‘liq o‘rganilgach, har ikkala holatga ham huquqiy baho beriladi»,-dedi Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov.

O‘zini tanishtirishni istamagan shofirkonlik fuqaroning aytishicha, bundan 3 yilcha ilgari uning ushbu Tug‘uruq kompleksida farzandini dunyoga keltirgan turmush o‘rtog‘iga ham xuddi shunday qo‘pol munosabatda bo‘lishgan. «Ushbu Tug‘uruq kompleksida odamlarni haddidan oshishiga majbur qiladigan holatlar ko‘p. Yuqori turuvchi organlar ham huquq-tartibot idoralari tomonidan jiddiy va sinchkov o‘rganilsa, juda ko‘p salbiy holatlarga guvoh bo‘lishadi»,-deydi fuqaro.

Mavzuga qaytamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring