Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhratbek Abdurahmonovning va’dasi Farg‘ona hokiminikidan ham quyuq bo‘ldi

Shuhratbek Abdurahmonovning va’dasi Farg‘ona hokiminikidan ham quyuq bo‘ldi

Foto: Andijon viloyati hokimligi

Kuni kecha qator hudud rahbarlari xalqqa murojaat bilan chiqishdi. Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ham o‘z chiqishida Farg‘onadagi hamkasbinidan qolishmagan va’dani berdi.

«Bitta mahallada besh yuzta xonadondan hech bo‘lmasa bittadan chiqib bir oy ertalab va kechqurun bir soatdan piyoda yursa, o‘sha mahalladagilarning barchasini Samarqand va Buxoroga sayohatga yuboraman. Agarda mahalla raisi, profilaktika inspektori va ularning atrofidagilar uch oy davomida xonadonlardagi fuqarolarni piyoda yurishga jalb etishni tashkillashtirib bersa, ularni Dubayga yuboraman.

Bundan tashqari, uzluksiz ravishda ertalab va kechqurun xodimlari bilan birga piyoda yurishni tashkil qilgan tashkilot rahbarlarini ham Dubayga jo‘natvoraman. Qancha pul ketsa ham mayli. Maqsad odamlarni yurgazish. Bundan ortiq boshqa nima qilish kerak?», — degan Shuhrat Abdurahmonov.

Viloyat hokimi aholining kasal bo‘lishini oldini olish maqsadida o‘z salomatligi yoki va’da qilinayotgan mukofot uchun piyoda yurishni istamaganlarni majburlab bo‘lsa-da, yurishini yo‘lga qo‘yishini aytgan.

«Endokrin, yurak qon-tomir va boshqa kasalliklarning kelib chiqishi ikkita narsaga — kamharakatlik va noto‘g‘ri ovqatlanishga bog‘liq. Kamharakatlik bo‘yicha qayga borsam gapirayapman. Oldinlari bitta kanaldan ikkinchi kanalga olish uchun televizor oldiga borardik. Hozir yotgan yerimizda hamma narsani boshqaryapmiz. Ko‘chaga chiqib qo‘lingizni cho‘ntagingizga solib chiqarib qo‘ysangiz mashina to‘xtayapti. Bir qadam yurmayapti. Men bularni gapirishga majburman.

Prezidentimizga «Andijonliklar hammamiz yuramiz», deb va’da berganman. Yana bir bor aytaman, avvalambor, o‘zingning salomatliging uchun yur, uning uchun yurmasang, beradigan rag‘batim, mukofot uchun yur. Unda ham bo‘lmasa, uyingga borib, majburlab, yetaklab olib chiqishga majbur bo‘laman. Bo‘lmasa boshqa ilojimiz yo‘q. Ertaga kasal bo‘lgandan keyin million-million sarflagandan ko‘ra, kasal bo‘lishning oldini olib qo‘yaylik. Shunga million sarflab qo‘ya qolaylik, degan hisob-kitob bilan gapiryapman. Yoqadimi-yoqmaydimi, qattiq-qattiq gapirishga majburman. Kelinglar, hammamiz bir bo‘lib, shunga harakat qilaylik. Ertalab va kechqurunda bir soatdan piyoda yuraylik, ovqatlanishni tartibga solaylik», — davom etgan viloyat hokimi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bir kilo ozganga 500 ming so‘mdan pul to‘lanishini ma’lum qilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring