Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Surxondaryoda ichki ishlar tizimidagi bir qator rahbarlar ishdan olindi

Surxondaryoda ichki ishlar tizimidagi bir qator rahbarlar ishdan olindi

Foto: «iiv.uz»

Ichki ishlar vaziri, general-mayor Po‘lat Bobojonov rahbarligida tekshiruv guruhi ayni paytda viloyatlarda o‘rganish ishlarini olib bormoqda, deb xabar berdi O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi.

Jumladan, 2-avgust kuni Surxondaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov boshchiligida o‘rganishlarning yakuniga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Bosh prokuratura, viloyat hokimligi va ichki ishlar organlari mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda ayrim shahar va tumanlarda tegishli chora-tadbirlar tizimli va maqsadli olib borilmayotganligi, profilaktika inspektorlari o‘z faoliyatini mahalla fuqarolar yig‘ini, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi bo‘linmalari va jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda tashkil etmayotganliklari oqibatida oila-turmush va qo‘ni-qo‘shnichilik doirasidagi jinoyatlar, ayniqsa, qotillik, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish kabi o‘ta og‘ir va og‘ir turdagi jinoyatlar hamon yuqoriligicha qolayotgani qayd etib o‘tildi.

Ayniqsa, viloyatning Termiz va Sherobod tumanlarida aynan iyun oyining o‘zida jinoyat qidiruv yo‘nalishi bo‘yicha sodir etilgan jinoyatlar soni keskin oshgani, Termiz tumanida joriy yilning olti oyida sodir etilgan jinoyatlarning 18 tasi yoki 44 foizi iyun oyida qayd etilgani tanqid ostiga olindi.

Viloyatda qayd etilayotgan jinoyatlarning chuqur tahlili joylarda ichki ishlar organlari rahbarlariga biriktirilgan sektorlarda hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar o‘zining kutilgan natijasini bermayotganligi ham alohida qayd etildi. Bunga joriy yilning olti oyi mobaynida 717 ta mahallaning 308 tasida yoki 43 foizida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgani misol keltirildi.

Shuning uchun, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha Toshkent shahrida boshlangan yangi tizimni respublikaning barcha hududlarida, xususan Surxondaryo viloyatida ham yo‘lga qo‘yish, jinoyatning oldini olish, jamoat xavfsizlikni ta’minlashda hamkorlikdagi patrullik xizmatni tashkil etish ishlarini boshlash kerakligi qayd etib o‘tildi.

Majlisda ayrim ichki ishlar organlari xodimlari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, tizimda bo‘layotgan o‘zgarishlar, xizmat faoliyatiga aloqador me’yoriy hujjatlarning tub mazmun-mohiyatini anglamay, eskicha uslub va dunyoqarash bilan xizmat olib borayotganligi qayd etilib, qator rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy ta’sir choralari ko‘rildi.

Sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini to‘laqonli anglab yetmasdan bugungi kun talablariga javob bermagani, fuqarolarning manfaati yo‘lida jonbozlik ko‘rsatmagani uchun bir qator xodimlarga nisbatan intizomiy jazolash choralari ko‘rildi.

Jumladan, xizmat vazifasiga loqaydlik va sustkashlik bilan munosabatda bo‘lib, xizmatni samarali tashkil etish choralarini ko‘rmaganligi, qo‘l ostidagi xodimlar faoliyatini talab darajasida nazorat qilmagani oqibatida shaxsiy tarkib o‘rtasida tartib-intizom susayib ketishiga sababchi bo‘lganligi uchun viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i I.Xalilov, Termiz shahar IIB boshlig‘i J.Hasanov, Sherobod tuman IIB boshlig‘i D.Kenjayev, Termiz shahar IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Akramov, Sherobod tuman IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari H.Xamitov, Boysun tuman IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari B.Xushbakov, Uzun tuman IIB boshlig‘ining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari S.Xamirayev, Termiz tuman IIB boshlig‘ining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Mo‘minovlar egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, Jarqo‘rg‘on tuman IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari S.Valiyev, Termiz tuman IIB boshlig‘ining xizmat bo‘yicha o‘rinbosari B.Aminqulov, Jarqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi boshlig‘i I.Ibragimov, Angor tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi boshlig‘i I.Xushbaqov, Muzrabot tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi boshlig‘i A.Ahmedovlarga «hayfsan» intizomiy jazosi berildi.

Yig‘ilish yakunida Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov vazirlik Akademiyasining professor-o‘qituvchilari hamda malakali amaliyotchi mutaxassislarini jalb etgan holda Surxondaryo viloyati ichki ishlar organlari xodimlarining bilim saviyasi va kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan manzilli o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, barcha shaxsiy tarkibni qayta tayyorlash hamda fuqarolar bilan ishlashda muomala madaniyatining belgilangan tartib-qoidalariga rioya qilish, har bir holatga tezkor, xolisona va qonuniy yondashuvni ta’minlash, xodimlarning kundalik faoliyatini «xalq manfaatlariga xizmat qilish» tamoyili asosida tashkil etish, tizim sha’niga dog‘ tushiruvchi holatlarining oldini olish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish to‘g‘risida aniq topshiriqlar berdi.

Ichki ishlar vaziri rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan hududlarda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash borasidagi ichki ishlar organlari faoliyatini o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring