Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tiyiqsizlik. Hatto turklarning o‘ziga ham kulgiga qoldik

Tiyiqsizlik. Hatto turklarning o‘ziga ham kulgiga qoldik

Bugun turk dugonalarimdan biri menga, 14-fevral kuni O‘zbekistonga kelgan taniqli turk aktyori Burak O‘zchivitning O‘zbekistondagi nufuzli va ta’sir kuchiga ega shaxslarning rafiqalari, tadbirkor ayollar va model qizlar bilan Toshkentda kechki ziyofat ustida uchrashgani hamda buning uchun ikki million lira, ya’ni salkam 377 ming AQSh dollari miqdorida haq olgani haqidagi Turkiya nashrlarida chiqqan xabarlardan birini va o‘sha ziyofatda olingan (qiz-juvonlarning navbat talashib, oh-voh qilib O‘zchivit bilan suratga tushishayotgani aks etgan) videolarni internet orqali menga yuboribdi va xabar ostida «??????????» tarzida belgi qoldirib, o‘z hayronligini ifodalabdi. Rostini aytsam, unga javob yozolmadim. Nima deyman? «Bu hali holvasi! Sen mana buni ko‘r!» deya, o‘sha aktyorning Toshkent ko‘chasida ketayotganida (turk artisti desa, o‘zini tomdan tashlaydigan) bir to‘da o‘zbek qizlari qurshovida qolganini, u qizlarning bu aktyorga kuchuk boladek ergashib, birga suratga tushamiz deya tirg‘alishgani videosini yuboraymi?! Yoki kap-katta san’atkor xotinlarning bu yigitni yeb qo‘ygudek bo‘lib olqishlashganini, (ehtimol, eriga ham aytmaydigan) shirin so‘zlar bilan omma oldida erkalashganini aytaymi?!

Bu tiyiqsizliklardan (hech bo‘lmaganda) dunyoning yarmi xabardor bo‘lyapti, uyat emasmi?!

Qaddi-qomati va chiroyi bilan pul topadigan o‘sha bitta model yigitga bunchalik tashna ishqibozlik bilan butun o‘zbek erkaklarining orini, nomusini yerga tiqib yuborayotganini o‘sha xonimchalar anglaydimi o‘zi? Yoki O‘zbekistonda bitta turk erkagichalik ko‘rimli erkak qolmagan-u, shuning uchun bu qiz-juvonlar unga osilib olishyaptimi?!

O‘sha – «O‘zbekistondagi nufuzli va ta’sir kuchiga ega shaxslarning rafiqalari, tadbirkor ayollar va model qizlar» bitta turk artisti bilan ziyofat qilishga sarflangan pullarga yurtdagi qancha nochor, nogiron, qashshoq odamlarning; XXI asrda ham gazsiz, svetsiz, suvsizlikdan qiynalib yashayotgan qancha qishloq odamlarining hayotini ijobiy tomonga o‘zgartirib yuborish mumkin ekanligini tafakkur qilmaydilarmi?.. Bekor shunday dedim. Albatta tafakkur qilmaydilar. Yo‘qsa, iqtisod aravasini qiynalib tortayotgan yurtda bunaqa isrofgarchilik qilish; bitta ajnabiy artist erkak bilan bir dasturxonda o‘tirish, birga suratga tushish uchungina bu darajada xarajat qilish g‘irt sharmandalik ekanini anglagan bo‘lardilar.

Bir vaqtlar bitta «malikamiz» turklarning aktyori bilan bir kecha «ziyofat» qilish uchun eh-he, necha million dollarlarni hadya qilib yuborgandi, o‘sha ishlarning sharmandaligi hali arimay turib, isnodning yangi turlarini namoyon qilishga o‘tdikmi?! Uyat! Uyat! Uyat!

Yo‘q, bular «tadbirkor», «nufuzli» bo‘lgani bilan, xalqdan yiroq odamlar. Ular shu darajada «tepalab» ketganki, pastdagi haqiqiy ahvolni ko‘rmaydi.

Bir vaqtlar fransuz qirolichasi Mariya-Antuanetta xalqining g‘alayon qilayotgani haqida eshitib, «Bular nima istashyapti o‘zi?» desa, «Xalqning yeyishga noni yo‘q, malikam», deyishadi mulozimlar. Malika hayron bo‘ladi-da:

— Tavba! Shuyam muammomi? Nonlari bo‘lmasa, pirojniy yeyishsin, — deydi. Men anavi — mashhur ajnabiy erkaklar bilan «ziyofattalab», «diydortalab» xonimlarning xalq haqidagi tushunchasini Antuanetta xonimning o‘z xalqi haqidagi tushunchasiga o‘xshatdim...

Xo‘p, Burak deganlari xushro‘ydir, iqtidorlidir, lekin bu – o‘zini tuta bilmaydigan qiz-juvonlarning butun o‘zbek erkaklari sha’nini yerga urishiga sabab bo‘lolmaydi-ku! Nima, o‘zbekning shu bitta artistchalik xushro‘y, iqtidorli, ko‘rkam yigitlari yo‘qmi?! Ana, ularning qancha-qanchasi bola-chaqa boqaman deb, Rossiya-yu, qozoq ellarida og‘ir mehnat ostida umrini sovuryapti, to‘g‘rirog‘i, shunga majbur bo‘lyapti.

Yuzlab qishloqlarimizda issiq kunlari go‘ng changallab tappi qilib, qishda o‘sha bilan uy isitadigan ayollar bor ekan; ro‘zg‘orini uchma-uch tebratayotgan oilalar bor ekan; bemor bolasini chetda davolatishga pul topolmay, uning «umri boricha yashayverishiga» noilojlikdan, qon yutib ko‘nadigan bechoralar bor ekan; svet yonganida ozgina multfilm ko‘rib olsa, irg‘ishlab quvonadigan sho‘rlik bolalar bor ekan, bularning bunaqa isrofgarchilik qilishga, millionlab pullarni bitta artist yigitchaning cho‘ntagiga tiqib yuborishga nima haqqi bor?!

Chetdagi yengiltak ayollarimiz tufayli keragicha sharmanda bo‘lgandik, endi bunaqasiga sharmisor, kulgi bo‘lishga o‘tdik. Ishonavering, mana shu yigitchaga ko‘rsatilgan «alohida e’tibor va hurmat» tufayli turklarning o‘ziga ham rosa kulgiga qoldik. Chunki, men u yoqlarda bitta aktyorni deb sharmandalikni bo‘yniga ilvoradigan qiz-ayollarni umuman ko‘rmaganman. Biz oilamiz bilan yashagan shaharchada Turkiyaning dongdor siyosatchilari, aktyorlari, qo‘shiqchilari yashardi. Turkiyaning o‘sha vaqtdagi bosh vaziri Ahmad Dovudo‘g‘li janoblari bilan (bir uy nari) qo‘shni edik. Yonimizdagi ko‘chada mashhur qo‘shiqchi Emrah yashardi. Uyam ko‘chada hamma qatori, e’tibor tortmay yurardi. Birorta qiz-ayolning uni ko‘rganda itdek ergashib, quvib yetib olib, suratga tushaylik deb osilganini ko‘rganimiz yo‘q.

Bizlar shunchalik ham toshi yengil odamlarmizmi? Qiz-ayollarimiz bitta ajnabiy artistni deb hushidan ayrilgudek bo‘lsa; uni ko‘rganda uyat-hayoni ham yig‘ishtirib, millat erkaklari sha’niga tupurib qo‘ysa, ulardan tug‘ilajak avlodlar millatimizga nima karomatlar ko‘rsatarkin hali!

...Meni «arzimagan narsadan muammo yasashda» ayblamang. Bu arzimagan narsa emas. Chet eldagilar ham hayron qolib, ajablanyaptimi, uyaltiryaptimi – arzimagan narsa emas.

Xullasi kalom, bir turk adibi ta’biri bilan aytganda: «Bu ketishda uyalishdan uyaladigan avlod maydonga kelajak!»...

Dilfuza Komil
Muallifning telegramdagi kanalidan olindi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring