Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna böliş ×

Tog‘li hududlar barqarorligini oshirish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi

Tog‘li hududlar barqarorligini oshirish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi

BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 31-konferensiyasi (UNFCCC COP31) doirasida Qirg‘izistonning milliy iqlim majburiyatlarini amalga oshirish va Markaziy Osiyoning tog‘li hududlari barqarorligini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, Qirg‘iz Respublikasi Tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vaziri Aqil Toktoboyev, Turkiya atrof-muhit, urbanizatsiya va iqlim o‘zgarishi vaziri Murat Kurum, Qozog‘iston Respublikasi Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Alibek Kuantirov, Tojikiston Respublikasi Hukumati tasarrufidagi Atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Bahodur Sheralizoda, Turkmaniston Respublikasi Atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Ovezgeldi Goshjanov ishtirok etdi.

“Majburiyatlardan amaliy harakatlarga: MMBH 3.0 ni amalga oshirish hamda Qirg‘iz Respublikasi va Markaziy Osiyoning tog‘li hududlari barqarorligini oshirish” mavzusidagi sayd-ivent Qirg‘iz Respublikasi Tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vazirligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda Qirg‘iziston milliy pavilonida tashkil etildi. Ishtirokchilarning asosiy e’tibori Qirg‘iz Respublikasi tomonidan 2025-yil sentyabr oyida taqdim etilgan yangilangan milliy miqyosda belgilanadigan hissani (MMBH 3.0) amalga oshirishning amaliy mexanizmlariga qaratildi. Mazkur hujjat 2035-yilgacha issiqxona gazlari tashlamalarini qisqartirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish borasidagi mamlakat ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi.

Tadbir davomida iqlim majburiyatlarini tarmoq dasturlari va rivojlanish rejalariga integratsiya qilish, iqlim ko‘rsatkichlarini monitoring qilish, hisobot berish va verifikatsiya tizimlarini takomillashtirish, shuningdek, milliy ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish uchun xalqaro moliyalashtirishni jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Markaziy Osiyoning tog‘li hududlari iqlim o‘zgarishiga nisbatan zaifligi masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Muzliklarning qisqarishi, suv rejimining o‘zgarishi, yerlarning degradatsiyasi va xavfli tabiiy hodisalarning ko‘payishi nafaqat baland tog‘li hududlarda yashovchi aholi, balki daryolarning quyi oqimida joylashgan hududlarning suv, oziq-ovqat va ekologik xavfsizligiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Ishtirokchilar tog‘li hududlar barqarorligini oshirish kompleks yondashuvni talab qilishini ta’kidladilar. Bunda kriosferani saqlash, suv resurslarini oqilona boshqarish, erta ogohlantirish tizimlarini rivojlantirish, ekotizimlarni tiklash va mahalliy aholini qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Muhokamalar doirasida iqlim moliyalashtirishini safarbar etish, jumladan, Qirg‘iz Respublikasining MMBH 3.0 doirasidagi shartli maqsadli ko‘rsatkichlarini amalga oshirish, investitsiya loyihalarini rivojlantirish hamda ko‘p tomonlama taraqqiyot banklari va xalqaro iqlim fondlari mablag‘larini jalb qilish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

Markaziy Osiyo davlatlarining “suv — energetika — moslashuv” o‘zaro bog‘liqligi doirasidagi mintaqaviy hamkorligi ham muhim mavzulardan biri bo‘ldi. Ishtirokchilar iqlim ustuvor yo‘nalishlarini muvofiqlashtirish, texnik hamkorlikni rivojlantirish va umumiy iqlim muammolariga javoban qo‘shma yechimlarni shakllantirish borasidagi yondashuvlarini o‘rtoqlashdilar.

Tadbir 2027-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Bishkek+25” Global tog‘ sammitiga tayyorgarlik jarayonida alohida ahamiyat kasb etdi. Muhokamalar davomida moslashuv choralarini moliyalashtirish, tog‘ ekotizimlarini saqlash va aholi barqarorligini mustahkamlash kabi yo‘nalishlarda kelgusidagi hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.

Mazkur tadbir mintaqa mamlakatlari, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari o‘rtasida iqlim majburiyatlaridan tog‘li hududlar barqarorligini oshirish hamda Markaziy Osiyoning ekologik xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan amaliy harakatlarga o‘tish masalalari bo‘yicha muloqotni mustahkamlash uchun muhim platforma bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldiriş uçun saytda röyxatdan öting

Kiriş

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring