Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Toshissiqquvvati»ning quvvati qani?

«Toshissiqquvvati»ning quvvati qani?

Ko‘p qavatli uyda yashaymiz. Qish kelishi bilan «otopleniya»ning atrofiga tiqilamiz. Chunki «dom»imiz sovuq. Bir necha yillardan buyon ahvol shu. Uy ichida haroratni ilimiliq deyish mumkin. Qishloqda pechkaga yoqish uchun o‘tin topolmay zir yugurayotgan yoki uni qanday isitishni bilmay boshi qotganlarni ko‘rib, shunisiga ham shukr qilaman. Har holda, uyimiz issiq ekanidan yayramasak-da, sovuqdan qotayotganimiz yo‘q...

Uch-to‘rt kun burun to‘lov qilish uchun Mirobod tumanidagi «Toshissiqquvvati» DUKka bordim. Odam juda ko‘p. Navbatim kelgunicha u yoq-bu yoqqa nazar soldim. Eshikdan kirganda chap tomonda «Axborot va e’lonlar» taxtasi ilib qo‘yilgan. U yerdagi yozuvlarning barchasi rus tilida edi. Davlat tili bu yerda ham «ikkinchi darajali», afsus...

Mijozlarga xizmat ko‘rsatayotganlarni kuzatdim: salomga alik yo‘q darajada, shunday ekan, muomala madaniyati haqida gapirib o‘tirish ortiqcha. Kompyuter yonida o‘tirgan yigitcha men uzatgan to‘lov qog‘ozini olib «Kim yozdi buni?» — dedi dag‘-dag‘a ohangida. «Kecha sizning o‘rningizda o‘tirgan qiz. To‘lovning yarmini to‘lagandim. Bugun qolganini ham to‘lab ketmoqchiman», — dedim muloyimlik bilan. U «Hmm...» deya to‘lov qog‘ozini to‘ldirib yozib berdi.

To‘lovni amalga oshirgach, o‘sha yerdagi «otopleniye» quvurini ushlab ko‘rdim: issiqqina! Bizda esa... «Dispetcher»ga kirib bu haqda aytgandim «O‘zinglarda JEK bor. O‘shalar shug‘ullanadi», — dedi bamaylixotir. XJMShga borib vaziyatni aytdim. «Bosim past, — dedi XJMSh raisi. — Biz bu haqda hokimiyatga ham yozdik. Ammo natija yo‘q!».

Shunday qilib, xonadonimni ilitishga quvvati yetmayotgan «Toshissiqquvvati»ga 270 ming so‘m pul to‘lab keldim.

Issiqliq quvvatining quvvati qachon isitishga yetarkin?

Xonbibi Himmat qizi,
jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring