Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkent maktablarida niqob majburiy emas — Sanepidqo‘m

Toshkent maktablarida niqob majburiy emas — Sanepidqo‘m

Foto: «RIA»

Toshkent shahridagi maktablarda 30 oktyabrdan boshlab tibbiy niqob taqish tartibi joriy etilishi bilan bog‘liq xabarlar tarqalgandi. Sanepidqo‘m raisi o‘rinbosari Nurmat Otabekov bunga munosabat bildirib, hozir maktablarda yoppasiga niqob taqish zarurati yo‘qligini ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarda O‘zbekiston Bosh davlat sanitariya vrachining shu yil 26 sentyabrdagi qarori asos qilib ko‘rsatilyapti. Nurmat Otabekov qaror sentyabrda imzolanganini. aslida, har yili mavsumiy o‘tkir respirator kasalliklar va gripp avj olishidan oldin bu kabi qarorlar qabul qilinib, joylardagi muassasalarga tegishli tavsiyalar berib kelinishini ma’lum qildi.

“Qarorda epidemik vaziyat murakkablashganda tibbiy niqob taqish belgilangan. Hozir epidemik vaziyat barqaror, shunday ekan, maktablarda yoppasiga niqob taqish zarurati yo‘q. Agar guruhda kasallangan bolalar bo‘lsa, o‘sha bemor bilan muloqotga kirishish ehtimoli bor joylardagina niqob taqish tavsiya etiladi”, dedi Nurmat Otabekov.

Uning ta’kidlashicha, hujjatda aytib o‘tilgan tibbiy niqob taqish tartibi joylarda vaziyatga qarab hal qilinadi. Buni zinhor yoppasiga shunday tartib joriy qilinyapti, deb talqin qilmaslik kerak. Shu ma’noda, mazkur qarorga joylardagi epidemik vaziyat qay darajada murakkab yoki murakkab emasligidan kelib chiqib, tegishli chora qabul qilish uchun mo‘ljallangan odatiy hujjat sifatida qaralishi zarur.

Sanepidqo‘m raisi o‘rinbosari havo-tomchi yo‘li bilan yuqadigan kasalliklarda imkon qadar ijtimoiy masofa saqlash va muloqot davrida niqobda bo‘lish maqsadga muvofiqligini qo‘shimcha qildi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring