Uch faxriy — bir asr jasorati
Buxoro viloyati hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Botir Zaripov boshchiligidagi mutasaddilar faxriylar — urush qatnashchilarining xonadonlarida bo‘lib, Prezident tabrigi, 30 million so‘mlik bir martalik pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alarni topshirishdi.
9-may — Xotira va qadrlash kuni. To‘g‘rirog‘i, xotira va shukronalik mujassam bo‘lgan, millat o‘z qahramonlari oldida bosh egadigan ulug‘ sana. Bu kun Vatan ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lganlar xotirasini yod etish, bugun oramizda hayot kechirayotgan urush va mehnat faxriylariga ehtirom ko‘rsatish, tinchlik va osoyishtalik qadrini yana bir bor anglash fursatidir.
Har yili shu sana yaqinlashishi bilan yuragimizni hovuchlaymiz. Beixtiyor ko‘nglimizdan: «Bu yil necha nafar urush qatnashchisi qoldi ekan?» — degan o‘y o‘tadi. Ha, afsuski, yil sayin raqamlar kamayib boryapti. O‘zimiz anglamagan holda barmoqlarimizni buklaymiz... bir... ikki... uch... Bir qo‘limiz barmoqlari ham bu sanoqda ortib qoladi...
Buxoro viloyatida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilaridan uch nafari hayot kechirmoqda: Hojimurod Bektoshev, Fayzulla Xodjayev va Ahmad Muhsinov.
Ular butun bir avlodning jasorati, matonati va sabrini o‘zida mujassam etgan tirik tarixdir.
Olot tumanidagi «Yosh botir» mahallasida istiqomat qiluvchi Hojimurod Bektoshev ham ana shunday taqdir sohiblaridan biri. Asr bilan yuzlashgan otaxon urush yillarini eslar ekan, eng og‘ir xotiralari ochlik, qahraton sovuq va bir kunda bir necha safdoshidan ayrilish bo‘lganini so‘zlab berdi.
— O‘sha paytlari ertangi kunga omon chiqishning o‘zi katta baxt edi, — deya eslaydi faxriy. Ayniqsa, frontda ona yurtdan kelgan bir parcha xat yoki quruq non askarlarga cheksiz kuch va umid bag‘ishlaganini hayajon bilan tilga oldi. — Biz jang qilmasak, ortimizdagi ota-onamiz, yurtimiz azob chekishini his qilardik. Shu tuyg‘u bizni tik ushlab turgan, — deydi u.
Ko‘ksini qator orden va medallar bezab turgan Ahmad Muhsinov ham navqiron 19 yoshida Buxoro shahridan frontga yo‘l olgan. Urushdan so‘ng uning qariyb 20 yillik faoliyati ichki ishlar tizimida kechdi. U yurt tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida turli lavozimlarda xizmat qildi. 1947-yilga qadar qirg‘inbarot janggohlarda, so‘ng Yevropaning turli davlatlarida armiya safida bo‘ldi. Urushdan keyingi yillarda Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti) tarix fakultetida tahsil oldi. Bir muddat o‘rta maktabda yoshlarga saboq berdi. Ayni paytda 101 yoshni qarshi olgan Ahmad Muhsinovning hayot yo‘lida og‘ir xotiralar, yo‘qotishlar va Vatan uchun qilingan fidoyilik mujassam.
— Inson yashagan sari yashagisi kelarkan. Yosh boladek hayotning qo‘llaridan qo‘yib yuborging kelmaydi... — deya so‘zlarni chuchmollab gapiradi Ahmad Muhsinov.
Ammo bir asrlik dovondan oshib ham, 19 yoshdagi og‘riqni har kuni his etib yashash — og‘ir qismat. Shunga qaramasdan, har bir daqiqasi uchun shukrona keltirib yashashdan charchamaydigan otaxonga yana uzoq va barakali umr tilaymiz.
Buxoro tumanidagi «Turkon» mahallasida istiqomat qiluvchi urush qatnashchisi Fayzulla Xodjayev xonadonidagi uchrashuv ham hayajonli lahzalarga boy bo‘ldi. Yuzidagi ajinlarda yillar suroni muhrlangan bo‘lsa-da, otaxonning qalbidagi shukronalik tuyg‘usi hamon barhayot. U bugungi tinch va dorilomon kunlarning qadriga yetish kerakligini ta’kidlab, duoga qo‘l ochadi: Ilohim, dunyoda urush bo‘lmasin...
Otaxonning bugun farzandlarimiz kulgisini eshitib, yurtdagi osoyishtalikni ko‘rib, Yaratganga shukrona keltirish lozimligi haqidagi o‘ylarini uning ma’nodor nigohlaridan anglash qiyin emas.
Faxriylar bilan uchrashuvlarda eng ko‘p takrorlangan so‘z — «tinchlik» bo‘ldi. Zero, urush alangasini ko‘rgan inson tinchlikning qadrini hammadan ko‘ra teranroq anglaydi. Ularning har bir duosi va nasihati biz uchun eng yuksak hayotiy saboqdir.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter