Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda Markaziy Osiyoda tabiatni muhofaza qilish loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Toshkentda Markaziy Osiyoda tabiatni muhofaza qilish loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Toshkentda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Markaziy Osiyoda tabiatni muhofaza qilishda yagona salomatlik» loyihasini amalga oshirishga bag‘ishlangan hududiy seminar boshlandi.

Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston, Germaniya Federativ Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi, Atrof-muhit, tabiatni muhofaza qilish, yadroviy xavfsizlik va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federal vazirligi (BMUV), Xalqaro iqlim tashabbusi (IKI), Jahon banki, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), «Ilbirs» jamoat fondi va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Seminar davomida tashkilotchilar loyihani taqdim etdilar, «Yagona salomatlik» tashabbuslarini muhokama qildilar va IUCN Yashil ro‘yxati standarti va boshqa tabiatni samarali hududiy muhofaza qilish choralari bo‘yicha sessiyalar o‘tkazdilar.

«Tabiatni muhofaza qilish Markaziy Osiyo landshaftlarining inson, hayvonlar va atrof-muhit salomatligini asrash uchun barqarorligini oshirish orqali zoonotik xavflarni kamaytirishda muhim rol o‘ynaydi, bu «Yagona salomatlik» yondashuvining asosini tashkil etadi, — dedi IUCN’ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Oliver Avramoski. — Biz Markaziy Osiyo hukumatlarini IUCN vositalari va standartlarini, jumladan, tabiatni samarali va adolatli muhofaza qilish uchun global mezon bo‘lgan Yashil ro‘yxatni qo‘llash orqali milliy va mintaqaviy salohiyatni oshirishda qo‘llab-quvvatlash tarafdorimiz».

Loyiha tibbiyot, veterinariya, ekologiya va sog‘liqni saqlash kabi sohalar va fanlar bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirib, inson, hayvonlar va atrof-muhit salomatligini birlashtirgan yagona salomatlik yondashuvini qo‘llaydi.

«Ma’lumki, «Tabiat chegara bilmaydi» va biologik xilma-xillikning yo‘qolishi, ekotizim degradatsiyasi va iqlim omillari zoonoz kasalliklarning tarqalish xavfini oshiradi. Umid qilamizki, ushbu loyiha Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida zoonoz kasalliklar xavfini bartaraf etish, tabiatni muhofaza qilish, ekotizim salomatligi va inson farovonligi o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida xabardorlikni oshirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlar uchun yaxshi platforma bo‘lib xizmat qiladi», – dedi Ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov.

Qayd etish joizki, Markaziy Osiyoda zoonoz kasalliklar xavfi bioxilma-xillikning yo‘qolishi va inson va hayvonot dunyosining o‘zaro munosabatlaridagi o‘zgarishlar tufayli kuchaymoqda. Ushbu xavflarni kamaytirish uchun 2023 yildan 2027 yilgacha IUCN Markaziy Osiyoning 5 ta davlatida milliy hokimiyat organlari va xalqaro hamkorlar bilan birga 10,5 million yevrolik loyihani amalga oshirmoqda.

«Yaqinda boshlangan loyiha orqali IKI kelajakda zoonoz kasalliklarning oldini olishga hissa qo‘shishni maqsad qilgan. Ushbu innovatsion loyiha muhofaza qilinadigan hududlarda va undan tashqarida «Yagona salomatlik» yondashuvini amalga oshirish hamda milliy siyosatni ishlab chiqishga qaratilgan. Ishonchimiz komilki, bu zoonoz kasalliklar xavfini kamaytirish bo‘yicha muhim yangi bilimlar va ilg‘or tajribalarni taqdim etadi», – deya ta’kidladi Xalqaro iqlim tashabbusi (IKI) vakili doktor Matias Shreter-Vinke.

Loyihadan maqsad milliy ekotizimlarni o‘zgartirish uchun sharoit yaratish, mintaqada ekologik tashabbuslarni kengaytirish uchun ijtimoiy kapital yaratish, shuningdek, moliyalashtirishning yangi mexanizmini qo‘llab-quvvatlash, biologik xilma-xillik va resurslar, jumladan, ekoturizm, ovchilik va jamoatchilik tashabbuslariga innovatsion yondashishdir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring