Toshkentdagi «turizm ko‘chalari» uchun alohida avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Poytaxt hokimligi Toshkent shahrida tashkil etilgan «turizm ko‘chalari»ni bog‘lovchi tungi vaqtda harakatlanadigan jamoat transportini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutuvchi qarorni qabul qildi.
Hujjatda, jumladan, tungi jamoat transportlarining yo‘lkira haqi hamda ularning qulayliklariga aniqlik kiritilgan.
Qayd etilishcha, bunda yo‘lkira haqi Toshkent shahrining jamoat transporti yo‘nalishlari bilan bir xil etib belgilanadi hamda zamonaviy talablarga javob beradigan, konditsionerli, Wi-fi, videokuzatuv tizimiga ega, shuningdek imkoniyati cheklangan shaxslar uchun moslashtirilgan avtobuslar xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, bir muddat oldin «Gazeta.uz» nashri xalq deputatlari shahar kengashining yig‘ilishida poytaxt Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O.Norbutayevning turizm ko‘chalari orqali harakatlanuvchi tungi avtobus yo‘nalishlari tarmog‘i yuzasidan ma’lumot bergani haqida yozgandi.
Unda, xususan, Norbutayev tungi soat 22:00 dan ertalab 06:00 gacha harakatlanadigan avtobuslar Toshkent shahridagi aeroportlar, temiryo‘l vokzallari, metro bekatlari, tungi turizm ko‘chalari, savdo va ko‘ngilochar markazlar, yirik dehqon bozorlari, talabalar yotoqxonasi va shifoxonalar orqali harakatlanishini aytgan. Bunda umumiy hisobda 15 ta yo‘nalish ikki bosqichda, oraliq intervali dastlab yarim soatni tashkil etgan holda tashkil etiladi.
Norbutayevning ta’kidlashicha, Toshkent shahri hokimiyatidan avtobuslarni alohida qizil rangga bo‘yash taklifi bo‘lgan. Avtobus yo‘nalishlari raqamlari ham T1, T2, ya’ni «tungi avtobus» sifatida belgilanadi.
«15 ta yo‘nalishda 54 ta avtobus harakatlanadi. O‘sha yo‘nalishdagi tushumni hisoblamasak, o‘rtacha 33 milliard so‘m mahalliy budjetga yuklama tushadi», – dedi Olloyor Norbutayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter