O‘zbekiston va Koreya alohida strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Seul shahrida Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon bilan tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston–Koreya alohida strategik sherikligini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar savdo, investitsiyalar, muhim minerallar, transport va infratuzilma sohalarida hamkorlikni kengaytirishni ustuvor vazifa sifatida belgiladilar.
Qayd etilishicha, Koreyadan O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 8 milliard dollardan oshgan. Mamlakatda Koreya kapitali ishtirokidagi 700 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Joriy tashrif doirasida umumiy qiymati qariyb 12 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar tayyorlangan. Shuningdek, Koreya Eksimbanki bilan 8 milliard dollarlik Strategik hamkorlik dasturi qabul qilingan.
Prezidentlar Koreyaning ilg‘or texnologiyalari hamda O‘zbekistonning resurs va sanoat salohiyati asosida innovatsion va texnologik alyans shakllantirishga alohida e’tibor qaratdilar.
Axborot texnologiyalari, kiberxavfsizlik, tibbiyot, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalarida yuqori texnologiyali va raqamli yechimlarni joriy etish ustuvor yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatildi.
Shuningdek, harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, idoralararo aloqalarni kengaytirish, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish va harbiy mutaxassislarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar hududlararo hamkorlikni ham kengaytirishga kelishdi. Ikki mamlakat o‘rtasida ilk bor o‘tkazilgan Hududlararo forum natijalari yuqori baholanib, keyingi forumni Samarqand shahrida o‘tkazish belgilandi.
Muzokaralarda ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ayni paytda O‘zbekistonda Janubiy Koreya universitetlarining to‘rtta filiali va KOICA ko‘magida tashkil etilgan beshta kasb-hunarga o‘qitish markazi faoliyat yuritmoqda.
Madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida 2027 yilni “Madaniyat va o‘zaro almashinuvlar yili” deb e’lon qilish va qo‘shma tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Muzokaralar yakunida mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha ikki tomon pozitsiyalarining yaqinligi ham tasdiqlandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter