Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turistlarga 11 oyda 4,4 mlrd dollarlik xizmatlar ko‘rsatilgan – Turizm qo‘mitasi

Turistlarga 11 oyda 4,4 mlrd dollarlik xizmatlar ko‘rsatilgan – Turizm qo‘mitasi

Quyi palatada Turizm qo‘mitasi raisi A.Aqqulovning sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan shaharlarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga oid parlament so‘roviga berilgan javobi ko‘rib chiqildi.

Unda keltirilishicha, 2025-yilning 11 oyida mamlakatga 10,7 million nafardan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Ularga 4,4 milliard AQSh dollari miqdorida turizm xizmatlari ko‘rsatilgan. Qo‘shni davlatlar va MDH mamlakatlaridan kelgan sayyohlar soni 2024 yilning shu davriga nisbatan 1,1 barobarga, uzoq xorij davlatlaridan kelgan sayyohlar soni esa 1,5 barobarga oshgan.

Shuningdek, o‘tgan yilda «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil» ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida aholining hududlarga 23,7 milliondan ortiq tashriflari amalga oshirilgan.

Hududlarda jami 954 ta joylashtirish vositalari, jumladan, 128 ta mehmonxona, 506 ta oilaviy mehmon uyi, 268 ta xostel va 52 ta boshqa turdagi joylashtirish ob’yektlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Turizm mahallalari va qishloqlari soni 32 taga yetkazilib, turizm va unga yondosh sohalarda 16,1 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Turistlar ko‘p tashrif buyuradigan joylar, aholi gavjum hududlar hamda avtomobil yo‘llari bo‘ylab respublika miqyosida 11 mingga yaqin sanitariya-gigiyena shoxobchalarining holati yaxshilandi. Shundan 6 mingdan ortig‘i yangidan barpo etildi. Natijada respublikadagi barcha yoqilg‘i quyish shoxobchalarining zamonaviy sanitariya-gigiyena ob’yektlari bilan ta’minlanish darajasi 20 foizdan 98 foizga yetkazildi.

Majlisda mazkur masala yuzasidan doimiy parlament nazorati olib borilishi qayd etilib, Turizm qo‘mitasi raisining javobi ma’lumot uchun qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring