Vazir: «Buxoroda «Turizm shaharchasi»ni bunyod etish ko‘zlangan. YuNESKO ruxsat bermasa, loyiha amalga oshmaydi»
Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoroda bir guruh fuqarolarning «Buxoro sport» majmuasi oldida Buxoro shahar markazi infratuzilmasini o‘zgartirish, kelgusida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan qurilish va bunyodkorlik ishlariga norozilik bildirib, davlat rahbariga yo‘llagan videomurojaati tarqaldi.
Videomurojaatga ko‘ra, aholi o‘z yashash manzillari hududida joylashgan, kamida 20 mingdan ortiq tomoshabinni o‘z bag‘riga sig‘dira oladigan «Buxoro sporti» majmuasining «snos» bo‘lishiga o‘z e’tirozlarini bildirishgan.
«Biz stadion yiqitilishiga qarshimiz!»
«Bu stadionda har kuni kamida mingdan ortiq yoshlar sport bilan shug‘ullanib kelishadi. Stadion o‘rnida turizm markazi qurilarmish. Arkdan to Labi hovuzgacha bo‘lgan manzilda sayyohlar uchun joyimiz bor-ku! Turistlarga hamma sharoit yaratilarmish, o‘zimizni xalq-chi?!», degan murojaatlar gavdalanadi videomurojaatda.
Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga aylangan mazkur videomurojaatdan so‘ng viloyat rahbariyati tomonidan jurnalist, blogerlar uchun matbuot anjumani chaqirildi.
«Turizm shaharchasi» qurilishi yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida mas’ullar, sektor rahbarlari, jurnalist va blogerlar, aholi hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yilning 30 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov tomonidan Buxoro viloyatida amalga oshiriladigan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari to‘g‘risida o‘tkazilgan yig‘ilish bayoni tasdiqlangan.
Ushbu hujjatga ko‘ra, viloyatda investor – «Enter engineering» kompaniyasi tomonidan jalb qilinadigan mablag‘lar hisobiga Buxoro shahrining 32,6 gektar yer maydonida «Turizm shaharchasi»ni bunyod etish, shu hududda joylashgan 29 ta davlat tashkiloti va muassasalari hamda xususiy mulkdorlarga tegishli bino va inshootlarni boshqa hududga belgilangan tartibda ko‘chirish takliflari ma’qullangan.
«Turizm shaharchasi aholi manfaatlariga ziyon yetkazmaydi»
Aholini asosan, «Buxoro sport» majmuasining ko‘chirilishi tashvishlantirgan.
«Barpo etilishi ko‘zda tutilgan manzilda birorta fuqaroning yashash joyi yo‘q, hech bir fuqaroning manfaatiga ziyon yetmaydi. 11 ta tadbirkor masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ular rozi bo‘lishsagina taklif beriladi. Unutmaylik, «Turizm shaharchasi»ni barpo etish masalasi esa hali taklif. Loyiha qabul qilinmagan», – dedi Botir Zaripov.
Viloyat rahbarining so‘ziga ko‘ra, yangi sport majmuasini barpo etishda budjet mablag‘lari hisobidan xarajat qilinmaydi.
Bildirilishicha, ayni kunlarda investor faoliyati yuzasidan mo‘ljallangan barcha ob’yektlar inventarizatsiyasi o‘rganilib, bir nechta lotlarga bo‘linyapti. Binolarni buzish va qaytadan tiklash ishlari to‘liq investor tomonidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
«Bugungi infratuzilma talabga javob bermaydi»
«Buxoroda 830 ga yaqin tarixiy ob’yektlar bor. Buxoroni yaqin kelajakda rivojlantirish yo‘llaridan biri – bu turizmdir. Dunyo tajribasida ham bu mavjud. Turizm – bu faqat mehmonxonalar qurish emas, balki infratuzilmaning rivojlanishi, madaniyatning o‘sishi, ish o‘rinlari yaratish va hokazolar. Qanday vaziyatda bo‘lishidan qat’i nazar, biz sharif shaharning yangi qiyofasini yaratishimiz kerak. Sayohatchilar oqimini 8-10 millionga yetkazamiz. Buning uchun esa benihoya betakror infratuzilmani yaratish kerak. Xo‘sh, infratuzilma Buxoroda bormi? Bor. Talabga javob beradimi? Yo‘q, talabga javob bermaydi! Shahar infratuzilmasini, uning qiyofasini havas qilarli darajaga ko‘tarishimiz uchun 5 ta joy taklifi ko‘rib chiqildi. Mutaxassislar tomonidan esa aholi uy-joylari mavjud bo‘lmagan shu hudud ma’qullandi. Bu esa hali o‘rganilayapti!», dedi viloyat rahbari.
Matbuot anjumanida ishtirok etgan fuqarolar ham so‘z olib, e’tirozlarda davom etishdi.
Qosim Istamov, fuqaro:
«2020 yilda pandemiyani boshdan o‘tkazdik. Agar bu yirik qurilish ishlari boshlanadigan bo‘lsa, birinchi demontaj, boshimizdan changlar oqimi o‘tadi. Keyin montaj yana bir oqim chang. Yangi joyda yangi qurilishlar amalga oshirilishi keyin bir oqim chang. Buzilishlar ekologik muammoni kuchaytiradi, xolos. Shunday-da ham sog‘ligimizni yo‘qotganmiz. Mazkur qurilish ishlari boshqa hududda amalga oshirilsa-chi?! Yoki agar bu ishlar aholining sog‘ligidan yuqori bo‘lsa, bemalol quravering!»
Saodat Nurullayeva, fuqaro:
«Men 63 yoshdaman, hech narsadan qo‘rqmayman. Men siz gapirganda, quloq soldimmi, endi siz ham eshiting! Siz bugun borsiz, ertaga boshqasi keladi. Faqat turizm, turizm, deysiz, qanaqa turizm?! Bizda suv yo‘q. Ekologiya buzilib ketgan. Shaharda faqat chang va tutun hidi keladi. Qayerda daraxt bor, hammayoq asfalt bo‘lib ketgan. Turizm shaharchani boshqa joyda yaratish kerak. Bu gaplarni men aytayapmanmi, mening aytganim, so‘zim o‘tadi. Biz “indeys”larmas, “banannoviy” mamlakatda yashayapmiz?» – deya asabiylashgannamo so‘z oldi fuqaro.
Po‘lat Aslonov, fuqaro:
«Men shu hududning faxriylaridan biri hisoblanaman. Ertalabdan kechgacha faqat stadiondaman. Yangi stadion qurib berib, keyin boshqa masalani ko‘ringlar!»
Viloyat rahbari fuqarolarning savollariga javob berar ekan, amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan ishlardan maqsad shu o‘lka bunyodkorligi salohiyatini oshirish, kelajak avlodga havas qilarli maskanlar qoldirilishi ekanini bildirdi.
«Stadion borasida munosabat bildirgan fuqarolarimizga rahmat, deyman, bu bilan befarq emasliklarini bildirishdi. Faqat fikr bildirishda, bir-birimizga hurmatda bo‘laylik. Agar loyiha tasdiqlanib, sharif shahrimiz infratuzilmasini yangilish amallari boshlansa, hokim sifatida, va’da beraman, investor bundan ziyod stadion qurib bergandan keyin biz siz bilan gaplashamiz», – dedi Botir Zaripov.
Matbuo anjumanidan so‘z olgan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Botir Zokirov Buxoroda keng miqyosda bunyodkorlik ishlarini bajarish, turizm salohiyatini oshirish maqsadida shu paytgacha davlat rahbarining 39 ta farmon, qarorlari chiqarilganini ma’lum qildi.
«Kompleks rivojlantirsak, kosamiz oqaradi»
«Turizm orqali Buxoroni va uning iqtisodini rivojlantirish maqsadi yotibdi. Bu ham, albatta, Buxoro xalqi manfaatidan kelib chiqib, inobatga olinadi. Biroq, shaxsiy manfaatlar inobatga olinmaydi. Shuni unutmaslik kerak! Buxoroning eski shahri turizm yuragi, deyilyapti. To‘g‘ri. Ammo uning jozibadorligini oshirish uchun madaniy merosga qarashli bo‘lgan birorta ob’yektning, hatto, bitta g‘ishtini ham YuNESKOning ruxsatisiz o‘zgartirishga haqimiz yo‘q. Eski shahar hududidagi xonadonlar, uy-joylarning, deyarli, ko‘p qismi og‘ir, sanitar, vayrona ahvolda. Bir xonadonga kirganimizda, 14 ta joy kovlandi, ammo hojatxona qurish uchun moslashgan joy topilmadi. Bunday davom etaversa, biz eski shaharni yo‘qotib qo‘yamiz. Bularni restavratsiya qilish uchun esa 40 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Hech qayerda Buxoro madaniyatidek madaniyat yo‘q. Demak, viloyatda yangi turizm o‘chog‘i - «Turizm shaharchasi» ham tiklanishi kerak. Unda sport maydonchalari, mehmonxonalar, dam olish maskanlari tiklanadi. Turizm salohiyatini oshirish, mahalliy aholiga go‘zal va betakror maskanlar yaratib berish uchun nima kerak, hammasi ushbu infratuzilma orqali kompleks amalga oshiriladi. Buxoroning injenern-kommunitsiyalarini yangilash, yo‘llarini qaytadan qurish, ijtimoiy ob’yektlarini yangilash, yashil zonalarin kengaytirish vaqti allaqachon keldi. Kompleks rivojlantirsak, kosamiz oqaradi», – dedi vazir.
Matbuot anjumanida bildirilishicha, ayni paytda Buxoro shahrining amaldagi chegarasi 7 800 gektar yer maydonidan iborat. Yangi loyihaga asosan, Buxoro tumanining 3 700 yer maydoni Buxoro shahriga qo‘shiladi. Buning hisobiga Buxoro shahar hududi qariyb 12 ming gektarni tashkil etadi. Shundan tarixiy qismi 216 gektar, bufer zonasi 339 gektardan iborat.
Turizm markazi uchun dastlabki tanlangan hududda temiryo‘l ham tiklanishi ko‘zda tutilgan.
Matbuot anjumanidan so‘ng «Xabar.uz» muxbiri ishtirokchilardan Buxoro shahar markazida «Turizm shaharchasi»ning bunyod etilishi borasidagi munosabatlari bilan qiziqqan.
«Shaharning «Somoniylar bog‘i»dagi ko‘lu, loyihada mo‘ljallanayotgan manzil - Favvoralar maydonidan tashqari, deyarli, ko‘zga ko‘rinadigan havas qilarli zamonaviy maskan yo‘q, desayam bo‘ladi. Shaharcha bunyod bo‘lishi, shahar yangi nafasga to‘lishi kerak. Men qo‘llab-quvvatlayman», –deydi Nilufar Zoyirova.
«Sportga qiziqaman. «Buzilmasin» deya shov-shuv ko‘tarilayotgan stadionga bir necha marta borganman. Ahvolini gapirmasayam bo‘ladi. Yaxshisi, o‘zingiz borib tanishib qayting!» – deydi Muhammad Sattorov.
Laylo Hayitova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter