Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Isroil Tillaboyev

Xalq uchun ishla, o‘zinga qaytmasa, farzandingga qaytadi!

Velosipedchilarning yozilmagan qonunlari

Velosipedchilarning yozilmagan qonunlari

Velosipedchilarning yozilmagan qonunlari bor.

Foto: «Xabar.uz»

Respublika blogerlar chempionati o‘tkazilganda Maqsud Salomov yaponlarning velosipedlarga bo‘lgan munosabati haqida blogpost yozgan edi. O‘shanda bizning tumanimiz ham ularnikidan qolishmaydi deb aytgandim va bu haqda yozishni niyat qilib qo‘ygandim. O‘sha niyatim esimda tursa-da, mana bugun fursati ekan, nima bo‘lsa bo‘ldi deb yozvordim.

Farg‘ona viloyati, xususan yaypanliklar hayotida dunyodagi eng kamxarj transportning ahamiyati nihoyatda katta. Velosiped bizning urf-odatlarimizning katta bo‘lagi desam, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Davronbek Tojialiyev (farg‘onalik mashhur blogerimiz, «ziyouz.com» sayti rahbari) Toshkentda yashab, ishiga velosipedda qatnaydi. Bir kuni velosipedi buzilib qolib, velosiped ta’mirlash ustaxonasini so‘rab qoldi, men unga «farg‘onaliklarning hammasi o‘zi ta’mirlab ketaveradi-ku» deya hazil aralash maslahat qildim.

Foto: «Xabar.uz»

Haqiqatan ham farg‘onaliklar bu transportni besh qo‘lday bilishadi, buzilsa o‘zlari tuzatib ketaverishadi. Har bir uyda mashinasi bor-yo‘qligidan qat’i nazar kamida bitta velosiped mavjud. Ko‘p uyda erkaklar jon boshiga bittadan ham.

Foto: «Xabar.uz»

Biz tomonda har qadamda velosiped mingan odamni uchratasiz, biri bozorga ketayotgan bo‘lsa, biri bozorlik qilib qaytayapti, biri bolasini bog‘chaga olib ketayapti, biri esa ishiga yo‘l olgan.

Kamina ham bundan quruq qolmagan, ishxonam ikki-uch kilometr uzoqda, ertalab chiqib mashina kutsam to‘lib kelaveradi, ko‘pincha ishga kech qolaman, shuning uchun bechiqim tulporimga bir minsam olti-yetti daqiqada ishxonada bo‘laman. Yana bir narsani aytish esdan chiqib qolay debdi: Sog‘liqni saqlash vazirlarining o‘sha gaplari to‘g‘ri: sovuq kunlari velosiped minish sog‘liq uchun zarar!

Foto: «Xabar.uz»

Yo‘lda hamrohlarim ko‘p bo‘ladi, biri oldinda, biri orqada, velosipedda ko‘p yurganingizdan keyin uning yozilmagan qonunlariga rioya qilishga o‘rganib qolasiz. Bularni katta yoshli velosipedchilardan eshitganmiz, ular quloqdan quloqqa o‘tib keladi va velosiped minish madaniyatining bir bo‘lagi desa bo‘ladi. Mana ayrimlari:

  • Velosipedni yo‘lda ko‘pchilik bo‘lib minganda mashinalarga xalaqit bermaydigan darajada, orqama-orqa yoki yo‘lning chetida haydash kerak.
  • Biron katta yoshli velosipedchini quvib o‘tish paytida albatta salom-alik qilib, vaqting ziqligini biron ishora bilan bildirib, keyin o‘tib ket.
  • Bolalar minib ketayotgan velosipedni ilojing bo‘lsa oldinga o‘tkazib yubor, chunki uning kuchi seniki bilan teng emas, senga yetaman deb charchab qolishi mumkin, oldinga o‘tkazib yuborish bilan uning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini orttirgan bo‘lasan.
  • Hech qachon ayoli yoki qizini mindirib ketayotgan odamni quvib o‘tib ketma, yo ancha uzoqda qolib yur, yo yo‘lning boshqa chetidan sekinroq o‘tib ket, chunki bu bilan o‘sha erkakni yaqinlari oldida xijolatdan qutqargan bo‘lasan.
  • Yo‘lda uchragan piyoda bolani yo‘ling bir bo‘lsa mindirib ketishni odat qilgin.
  • Qo‘shning velosipedni so‘rasa albatta ber.
  • Yo‘lda velosipedi buzilib qolgan insonga albatta yordam ber.
Foto: «Xabar.uz»

Yo‘lda yurganimda turli holatlarni ko‘raman, imkonim bo‘lganda suratga olib qo‘yardim, avval aytganimdek biron kun shu haqda yozsam foydalanaman deya... Mana, mavridi keldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring