Xivadagi mashhur Ichan-qal’ada yashovchilar o‘z uyiga 10 ming so‘m to‘lab kirmoqda
Xivadagi mashhur Ichan-qal’aga kirishdagi «Ota darvoza»ga turniket o‘rnatildi va qal’a ichida yashovchi aholi o‘z uylariga 10 ming so‘m to‘lab kirishmoqda. Bu haqda «Anhor.uz» xabar berib o‘tgan.
Ushbu qaror turizmdan tushadigan daromadni oshirish uchun chiqarilgan, ammo uning dastidan mahalliy aholi moliyaviy zarar ko‘rmoqda. Shu bilan birga Ichan-qal’a muzey-qo‘riqxonasi ilmiy kotibi Dilmurod Bobojonov Ichan-qal’a aholisi shaharning ajralmas qismi ekani va ular hech qayerga ko‘chirilmasligini aytib o‘tgan.
Ammo o‘sha aholi vakillaridan bo‘lgan nafaqadagi otaxon vaziyat haqida shunday deydi: «Men «Ota darvoza»dan har kuni ikki marta o‘tishimga to‘g‘ri keladi. Agar har safar 10 000 so‘mdan to‘lasam, olayotgan nafaqam yetmay qoladi».
Ichan-qal’ada istiqomat qiladigan yana bir kishi esa 10 000 so‘m to‘lamaslik uchun o‘z uyiga aylanma yo‘llardan o‘tishga majburligini bildirgan: «Qal’aga orqa tomondan tekinga kirsa bo‘ladi, ammo ancha uzoqlik qiladi. Agar «Ota darvoza»dan yursangiz, pul to‘lashga to‘g‘ri keladi. Yana 25 000 so‘mlik chiptalar ham bor, uni olsangiz muzeylar ham tekin bo‘ladi. Ichan-qal’ada yashovchi aholiga qiyin bo‘ldi, endi o‘z uyimizga ham pul to‘lab kiramiz».
«Biz bu ishni turistlardan tushadigan daromadni oshirish uchun qildik. Aholi boshqa tomondan kirsa ham bo‘ladi. Kelajakda Ichan-qal’a aholisi uchun doimiy chiptalar chiqarishni rejalashtirganmiz», — deydi ochiq osmon ostidagi muzey xodimi.
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi — nima uchun avvaliga aholi o‘tishi uchun ruxsatnoma tayyorlab, keyin turniket o‘rnatilmagan? Bundan maqsad noiloj qolgan odamlarning pulini olishmi?
Ma’lumotnoma: Xiva 1968 yilda tarixan odamlar yashab kelgan qadimiy shahar sifatida YuNESKOning Markaziy Osiyodagi butunjahon madaniy qadriyatlari ro‘yxatiga kiritilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter