Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xorazmning sirli manzillari – qal’alar va ziyoratgohlar

Xorazmning sirli manzillari – qal’alar va ziyoratgohlar

Xorazm viloyati, Shovot tumanida tasavvuf ilmining yirik namoyandasi, buyuk olim Yusuf Xamadoniyning ramziy qabri bor. Turizm qo‘mitasi va Xorazm viloyati hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan press-tur davomida bir qator OAV vakillari ushbu ziyoratgohga tashrif buyurib, uning tarixi bilan tanishdilar.

Aslida Hamadoniy hazratlarining yurtimizda yashagani haqida tarixiy ma’lumotlar yo‘q, ammo xalq orasida u bilan bog‘liq ko‘plab rivoyatlar yuradi. Ulardan birida aytilishicha, garchi muqaddas Islom dini Xorazmga VII asrdayoq kirib kelgan bo‘lsada, mahalliy aholining aksariyati zardushtiylik dinidan voz kechishni istamaydi. Hatto XI asrda ham Xorazmda otashparastlikka e’tiqod qiladiganlar yetarlicha bo‘lgan. Yusuf Hamadoniy o‘sha vaqtlarda karvon yo‘li orqali Xorazmga keladi va shu yerlarda bir muddat yashab qoladi. Shu vaqtlarda mahalliy aholi orasida og‘ir kasallik tarqalgan bo‘lib, uning ta’sirida aksariyat bolalar aqlan zaif bo‘lib tug‘ila boshlaydilar. Yusuf Hamadoniy bolalarni muqaddas Qur’on oyatlari bilan davolay boshlaydi. Tez orada bolalar shifo topadilar va ushbu karomatni ko‘rgan Xorazm xalqi butkul Islom diniga kiradi.


Garchi Yusuf Hamadoniy Bomiyonda vafot etgan va keyinchalik uning hoki Marvga keltirilib, qayta dafn etilgani haqida tarixiy faktlar bo‘lishiga qaramay, Xorazm xalqi allomani alohida ardoqlaydi. U zotga bo‘lgan hurmat yuzasidan Shovotda ham maqbara tiklagan. Bugungi kunda tumanning Beshmergan qishlog‘ida Yusuf Hamadoniy masjidi va maqbarasi mavjud bo‘lib, bu yer mahalliy aholining sevimli maskanlaridan bo‘lib qolgan.

Ziyoratgoh hududiga kirsangiz bahri dilingiz ochiladi. Davlat rahbarining tashabbusi bilan to‘liq ta’mirdan chiqarilgan majmuada ziyoratchilar uchun ko‘plab sharoitlar yaratilgan. Bu yerda salqin xiyobon, keng yo‘laklar va favvoralar oralab yurgan yuzlab odamlarni ko‘rish mumkin. Yuqorida keltirilgan rivoyatga asosan mahalliy aholi sog‘ligida muammosi bo‘lgan farzandlarini shu yerga olib kelib, Yaratgandan shifo tilashni odat qilishgan. Shu sababdan ziyoratgohga kirish joyida hatto nogironlar aravachasini ham ko‘rish mumkin. Ikki tomonda tizilgan savdo shahobchalarida esa sayohatchilar uchun lozim bo‘lgan barcha mahsulotlar savdosi tashkil etilgan.

Yusuf Hamadoniy majmuasini ziyorat qilib chiqqandan so‘ng jurnalistlar guruhi XVII asrda ikki xalq – o‘zbeklar va turkmanlar tomonidan qurilgan tarixiy «Ulli Hovli» qal’asini ko‘zdan kechirish uchun yo‘l oldi.

«Ulli Hovli», ya’ni «Katta hovli» Xorazm viloyatining Urganch tumanida joylashgan bo‘lib, qariyb to‘rt asrlik tarixga egadir. Qal’aning tarixi bevosita turkman qabilalari bilan bog‘liq.

XVII asr boshlari turkmanlarning Soler urug‘i qiyin vaziyatga tushib qoladi. Ular turgan manzil suvsizlanib, tirikchilik o‘tkazish qiyinlashadi. Kamiga ichki nizolar tufayli qabilaning ahvoli og‘irlashadi. Mana shunday holatda urug‘ oqsoqollari Xo‘jamberdi va Shermamatboy Xorazm xonligidan madad so‘raydi. Davlatni boshqarib turgan Abulg‘ozixon turkmanlarning chorloviga javob beradi va ularga xonlik hududidagi suvli joylardan birini ajratadi.

Shu tariqa turkman qabilasi xonlik hududiga ko‘chib o‘tadi. Oldinga o‘tib aytish lozim, bu hamkorlik har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lgan. Jangari turkman yigitlari lozim bo‘lgan vaqtda xon qo‘shinlari safiga qo‘shilishlari, boshqa vaqtda esa savdo yo‘llarini qo‘riqlashlari lozim bo‘lgan.

Keyinchalik vaqt o‘tishi bilan qal’a tashlandiq holatga kelib qoladi. Hatto o‘tgan asrning 90-yillarida ham bu yerda turkmanlarning avlodlari yashab kelgan, ammo keyinchalik manzil yashash uchun yaroqsiz bo‘lib qolgani tufayli boshqa joyga ko‘chiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruviga kelgandan so‘ng ushbu tarixiy majmua tarixida yana ko‘tarilish davri boshlandi. Qal’a to‘liq ta’mirdan chiqariladi va bugungi kunda sayyohlik majmuasiga aylantirilgan. Bu yerda tuyalar, otlar va parrandalarni ko‘rish mumkin, ob’yektda hozirgacha eski tegirmon va qadimiy quduqlar ham saqlab qolingan.

E’tiborli tomoni, qal’a poydevorsiz qurilgan, devorlarning osti bir metr qazilib qum solingan va ustiga qamish to‘shalib, so‘ng paxsa urilgan. Majmua salkam 1 gektar maydonni egallagan bo‘lib, hovlida o‘tovlar tikilgan. Bundan tashqari, hunarmandchilikning yettidan ortiq turi bilan shug‘ullanish uchun ustaxonalar tashkil etilgan.

Haqiqiy o‘rta asrlar muhitini his qilishni istasangiz, albatta «Ulli Hovli»ga keling.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring