Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorij avtomashinalari uchun «tonirovka» yig‘imi miqdori arzonlashadi – loyiha

Xorij avtomashinalari uchun «tonirovka» yig‘imi miqdori arzonlashadi – loyiha

Amaldagi tartibga ko‘ra, davlat chegara o‘tkazish punktlarida old, yon va orqa oynalaridan biri yoki bir nechtasining (tomidagi lyuk oynasi bundan mustasno) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) xorijiy davlatlarning yengil avtotransport vositalariga nisbatan majburiy yig‘im undiriladi.

IIV, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda DXX ishlab chiqqan qo‘shma qaror loyihasiga ko‘ra, xorijiy davlatlarning oynalari tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalarining O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun undiriladigan majburiy yig‘imni faqatgina old yon oynalari qoraytirilgan avtotransport vositalariga nisbatan tatbiq etish reja qilinmoqda.

Bu orqali mahalliy va xorijiy yengil avtotransport vositalariga nisbatan oyna tusi o‘zgartirilganligi bo‘yicha yondashuvni birxillashtirish nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, bu boradagi majburiy yig‘imlarni to‘lashda qulayliklar yaratish maqsadida to‘lovlarni «E-tranzit» avtomatlashtirilgan axborot tizimida shakllantiriladigan yagona hisobvarag‘i asosida tuzilgan QR-kod orqali elektron to‘lov tizimlari yordamida amalga oshirish tartibi joriy etiladi.

Kvitansiya bilan bir qatorda yagona hisobvarag‘i ham xorijiy davlatlar tusi o‘zgartirilgan yengil avtotransport vositalarining O‘zbekiston Respublikasiga vaqtincha kirish va tranzit harakatlanish imkonini beruvchi hujjat sifatida tan olinadi.

Ma’lumot uchun, xorijiy tajribada, jumladan, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Afg‘oniston davlatlarida oyna tusi o‘zgartirilgan xorijiy davlatlarning yengil avtotransport vositalarida mamlakat hududiga vaqtincha kirish yoki tranziti o‘tishda yig‘im undirilmaydi. Turkmaniston davlatida esa avtotransport vositalarini oyna tusi o‘zgartirilgan holda boshqarish ta’qiqlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring