Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ayrim toifa o‘qituvchilarga samolyot va poyezd chiptalari uchun chegirma berilishi mumkin

Ayrim toifa o‘qituvchilarga samolyot va poyezd chiptalari uchun chegirma berilishi mumkin

O‘zbekistonda reytingda yuqori o‘rinlarni egallagan ta’lim muassasalari pedagoglarini rag‘batlantirish bo‘yicha yangi tartib joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, respublika reytingida eng yaxshi natija ko‘rsatgan maktab, bog‘cha, texnikum va oliy ta’lim muassasalari pedagoglariga mamlakat bo‘ylab sayohat qilish uchun samolyot va poyezd chiptalarida chegirmalar berilishi mumkin.

Hujjatda qayd etilishicha, mazkur tashabbus o‘qituvchi va murabbiylarni ijtimoiy hamda ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Loyihaga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab:

  • respublika reytingida TOP-100 talikka kirgan umumiy o‘rta ta’lim va maktabgacha ta’lim tashkilotlari;
  • TOP-20 talikdagi texnikumlar;
  • TOP-10 talikdagi oliy ta’lim muassasalari pedagoglariga chegirmalar taqdim etiladi.

Nizomga muvofiq, pedagoglarga kalendar yilida bir marta O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun samolyot va poyezd chiptalari tarif qismiga 15 foiz chegirma beriladi. Bunda yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar ushbu imtiyoz doirasiga kirmaydi.

Chegirmalar mahalliy aviaqatnovlarning ekonom-klass chiptalari hamda poyezdlarning platskart va kupe vagonlariga tatbiq etiladi.

Hujjatda belgilanishicha, chiptalarni rasmiylashtirish uchun pedagoglar ta’lim muassasasidan maxsus ma’lumotnoma olishi kerak bo‘ladi. Chiptalar «O‘zbekiston temir yo‘llari» va «Uzbekistan Airways» tizimlari orqali rasmiylashtiriladi. Elektron chiptalarni esa e-ticket.uz hamda book.uzairways.com platformalari orqali xarid qilish mumkin.

Shuningdek, pedagoglarga taqdim etiladigan chegirmalar sabab yuzaga kelgan xarajatlar davlat budjeti hisobidan qoplab berilishi nazarda tutilgan.

Ta’kidlanishicha, ushbu tartib o‘qituvchilarning dam olishini mazmunli tashkil etish, ularning kasbiga bo‘lgan hurmatni oshirish hamda ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring