«Yangi Toshkent — O‘zimizniki!»: Qadriyatlar va orzular shahri
Yangi shaharlar qurilishi haqida gapirilganda ko‘pincha raqamlar, investitsiyalar va osmono‘par binolar tilga olinadi. Biroq shaharni shahar qiladigan faqat beton va shisha emas, balki unda yashaydigan odamlar o‘rtasidagi mehr, ishonch va mas’uliyatdir. Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida bunyod etilayotgan Yangi Toshkent loyihasiga berilgan «Yangi Toshkent — o‘zimizniki!» ta’rifi ham aynan shu oddiy va muhim haqiqatni anglatadi.
Bu shunchaki balandparvoz shior emas. Bu — yangi shaharning odamlar hayotidagi o‘rni, jamiyatning unga bo‘lgan munosabati va ertangi kunga ishonchi ramzidir. To‘g‘ri, har qanday yirik loyiha odamlarda umid uyg‘otish bilan birga, haqli savollarni ham tug‘diradi: bu shahar aslida kimlar uchun qurilyapti? Unda oddiy oilalar, yoshlar, shifokoru o‘qituvchilar va hunarmandlar uchun ham munosib joy topiladimi? Osmono‘par binolar soyasida milliy qadriyatlarimiz va odamlar o‘rtasidagi oqibat, samimiy munosabatlar yo‘qolib ketmaydimi?
Aslida, «o‘zimizniki» iborasi ana shunday ko‘pdan-ko‘p savollarga berilgan lo‘nda javobdir. Bu Yangi Toshkentni barchamiz qon-qonimizdan his qiladigan jonajon maskan sifatida tasavvur qilishga chorlovchi so‘z. Shaharning qadri uning hashamatida emas, unda yashaydigan insonlar hayoti qanchalik go‘zallashishidadir.
«O‘zimizniki» degan oddiy ta’kid ana shu ikki dunyo o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik bo‘la oladi. Bu so‘z yangi shaharning me’moriy qiyofasi o‘zgarishi mumkinligini, ammo unda yashaydigan insonlarning qadriyatlari, orzu va intilishlari o‘z ahamiyatini aslo yo‘qotmasligini eslatib turadi. Zero, eng zamonaviy binolarda ham oilalar yashaydi, bolalar ulg‘ayadi, oqibatli qo‘shnilar bir-biriga mehr ko‘rsatadi. Shaharning haqiqiy jozibasi va jonli muhiti ham aynan mana shu insoniy munosabatlardan yaraladi.
Xalqimiz tafakkurida uy va yerga bo‘lgan munosabat azaldan muqaddas hisoblangan. «O‘z uyim — o‘lan to‘shagim» degan naql bejiz asrlar osha yashab kelmayapti. Bu hikmat zamirida insonning xotirjamlik topadigan, oilasi bag‘rida tinch yashaydigan va ertangi kunini quradigan makonga bo‘lgan tabiiy intilishi mujassam. Shu bois Yangi Toshkent haqidagi «o‘zimizniki» degan so‘zni zamonaviy shaharni milliy o‘zlik va oilaviy qadriyatlar bilan payvandlash istagi, deb tushunish lozim.
Yangi Toshkentning haqiqiy qiyofasi odamlar qalbida qanday o‘rin egallashida ham namoyon bo‘ladi. Agar inson bu shaharda o‘z oilasi, farzandlari va kelajagi uchun munosib makonni ko‘rsa, unga befarq qaramaydi. Uni asrash va rivojlantirishni ham o‘z mas’uliyati deb biladi.
Shu ma’noda, «Yangi Toshkent — o‘zimizniki!» degan ta’kidning zamirida oddiy, ammo muhim bir fikr mujassam: odamlar shaharni quradi, biroq insoniy mehr, ishonch va mas’uliyat uni haqiqiy maskanga aylantiradi.
Yangi Toshkent — umumiy kelajagimiz bilan bog‘liq manzil, ko‘hna qadriyatlar va ertangi orzular uchrashuvi. O‘zimizniki!


Izoh qoldiriş uçun saytda röyxatdan öting
Kiriş
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter