Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Kompromatuzb» ishi bo‘yicha apellyasiya shikoyati qanoatlantirilmadi

«Kompromatuzb» ishi bo‘yicha apellyasiya shikoyati qanoatlantirilmadi

Toshkent shahar sudi

Foto: «Xabar.uz»

Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasida sudlanuvchilar Xurshid Daliyev, Siyovush Hoshimov va ularning himoyachilari tomonidan keltirilgan apellyasiya shikoyatlari ko‘rib chiqilgan. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov «Xabar.uz»ga ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, apellyasiya sudining 2023-yil 14-noyabrdagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudi tomonidan 2023-yil 26-sentyabrda chiqarilgan hukmning  X.Daliyev va S.Hoshimovga oid qismi o‘zgarishsiz, keltirilgan shikoyatlar esa qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.

Oliy sud mulozimi ushbu ajrimdan norozi taraflar jinoyat-protsessual qonunchiligi talablariga muvofiq Oliy sudga kassatsiya tartibida shikoyat berish yoki protest keltirishga haqli ekanini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi hukmiga ko‘ra:

  • Xurshid Daliyevga 3 yilga ommaviy axborot vositalarida ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida jarima va 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish;
  • Siyovush Hoshimovga 3 yilga ommaviy axborot vositalarida ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilgandi.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, mazkur jinoyat oqibatida 19 nafar jabrlanuvchi va 10 nafar fuqaroviy da’vogarga jami 5 138 000 000 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring