Yevropada pandemiya eng oxiri kirib borgan mamlakat koronavirusni yengdi
17-mart kuni bergan xabarimizda Chernogoriya Yevropada koronavirus qadami yetmagan yagona mamlakat ekanini ma’lum qilgandik. O‘shanda vaziyatni to‘g‘ri baholagan mamlakat hukumati infeksiyaga qarshi kurashish choralarini oldindan ko‘ra boshlagan, xususan, koronavirus pandemiyasining oldini olish maqsadida chegaralarni xorijliklar uchun 15 kunga yopgan, mamlakatdagi barcha mehmonxonalar va restoranlar faoliyatini vaqtincha to‘xtatib, do‘konlardagi xaridorlar sonini cheklashga kirishib ketgandi.
Har qancha qilmasin, Chernogoriya baribir «neytral mamlakat» bo‘lib qola olmadi — 18 mart kuni bir yo‘la 6 kishida koronavirus qayd etildi. Keyinchalik ularning soni 324 nafarga yetdi. Ammo endi bu o‘tmishda qoldi.
Mamlakat prezidenti Milo Jukanovich bugun «Twitter» orqali xushxabar ulashdi:
«Chernogoriya koronavirus bilan kurashda muvaffaqiyat qozondi! Endi kasallar yo‘q! Eng bebaho qadriyat — insonlar hayoti uchun buyuk kurashning bu bosqichi ortda qoldi», — deyiladi xabarda.
#Montenegro has successfully defeated the #coronavirus!
Zero diseased!
This stage of the fight for the most sacred value – human lives – is over. (1/5)
— Milo Đukanović (@predsjednik_cg) May 24, 2020
Prezident ta’kidlaydiki, Chernogoriya davlat organlari va jamiyatning har bir a’zosi mas’uliyatni o‘ta yuqori his etishi evaziga infeksiyani mag‘lub etdi.
Mamlakat jamiyat salomatligi instituti xabariga ko‘ra, 68 kundan beri bironta yangi bemor qayd etilmadi. Barcha bemorlar sog‘ayib ketgan.
Urush qurbonlarsiz bo‘lmaydi: koronavirus pandemiyasi davrida Chernogoriyada jami 324 kishi kasallanib, 9 nafari vafot etdi.
Biz 15-may kuni Sloveniya Yevropada koronavirusni yenggan ilk mamlakatga aylangani haqida xabar bergandik.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter