«Hozirgi siyosatimizga, xalqimizga xiyonat qilyapsizlar» – Prezident rahbarlarni tanqid qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-iyul kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgani xabar qilingandi.
Davlat rahbari yig‘ilishda respublika bo‘yicha jami kasallarning 40 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelayotganini ta’kidlab, holat uchun rahbarlarni qattiq tanqid qildi.
«Respublika bo‘yicha tahlil qilganimizda eng og‘ir sharoit Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga to‘g‘ri keladi. Jilovni bo‘sh qo‘yganimiz uchun vaziyatimiz mutlaqo hozirgi talabga javob bermay, odamlarning noroziligini keltirib chiqardi.
Bu yerda o‘tirgan rahbarlar, sizlar o‘zi hozirgi siyosatni tushunasizlarmi-yo‘qmi? Dunyoda qanday iqtisodiyot bo‘lyapti, vabo bilan qanday kurashilyapti, nimani tahlil qilyapsizlar, degan savol meni qiynaydi.
Hokimlar va sektor rahbarlari o‘z hududidagi haqiqiy ahvolni umuman o‘rganmagan va pastga tushmagan. Sizlar hozirgi siyosatimizga, xalqimizga xiyonat qilyapsizlar. Qanday achchiq bo‘lsayam, baho mana shunday.
Urush paytidagi vaziyat hozir! Urushda faqat xalqning tinchligi, xalqning osoyishtaligi, xalqning sog‘ligini o‘ylashimiz kerak. Birinchi rahbarlar tushunishni xohlamayapti. Ular o‘zlarining hududlaridagi tibbiyot muassasalariga biron marta kirmagan, ular bilan uchrashmagan, real vaziyatni o‘rganmagan va ko‘rmagan.
Aholini virusdan ogohlantirish va saqlash, kasallikni o‘z vaqtida va to‘g‘ri davolash uchun mas’uliyatni umuman his qilmagansizlar. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ham, keyingi bir oyda koronavirusni davolash strategiyasi va taktikasi keskin buzilgan, real holatdan kelib chiqib, davolash amaliyoti o‘zgartirilmagan.
Shifokorlar tomonidan bemorlarga nisbatan befarqlik va sovuqqonlik holatlariga ham yo‘l qo‘yilmoqda.
Agar bu yerda sadoqatli odamlar o‘tirganida, siyosatga xayrixoh odamlar o‘tirganida, Toshkentda shunday sharmandalik mumkinmidi? Toshkentda iloji bor-ku hamma narsaning? Bugundan boshlab pandemiyaga qarshi kurash strategiyasi va taktikasini butunlay o‘zgartiriladi» — dedi davlat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga hayfsan e’lon qilindi. Shahar va viloyatning barcha sektor rahbarlari jiddiy ogohlantirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter