Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

May oyidan O‘zbekistonda o‘pkaning sun’iy ventilyasiyasi apparatlari ishlab chiqariladi

May oyidan O‘zbekistonda o‘pkaning sun’iy ventilyasiyasi apparatlari ishlab chiqariladi

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Slovakiyaning Chirana kompaniyasi va rossiyalik hamkorlar bilan birgalikda o‘pkaning sun’iy ventilyasiyasi apparatlari (IVL) ishlab chiqarish bo‘yicha texnologiyalar transferi amalga oshirilmoqda. Bu haqda vazirlik tomonidan Xabar.uz’ga ma’lum qilindi.

Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilmiy ishlanmalar va texnologiyalarni tijoratlashtirish hamda transfer qilish boshqarmasi boshlig‘i Jamoliddin Boboxonovning aytishicha, IVL qurilmalarini ishlab chiqarish joriy yilning may oyida boshlanadi. Toshkentning Bektemir tumanida ishlab chiqarish uchastkasi qurilishini yakunlash esa joriy yilning sentyabr oyiga qadar rejalashtirilmoqda va zavod ishga tushiriladi.

Ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning birinchi bosqichida 3 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish va 30 ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Ikkinchi bosqichida esa 6 million AQSh dollargacha investitsiyalar va 100 tagacha ish o‘rinlari ochilishi kutilmoqda.

– O‘pkaning sun’iy ventilyasiyasi apparatlari hozirda jahonning 12 mamlakatida ishlab chiqariladi, – deydi «CHIRANA+» kompaniyasining bosh direktori Vasiliy Shimko. – CHIRANA brendi dunyoda eng mashhur oltita brenddan biri sanaladi. Apparatlarimiz boshqa kompaniya modellaridan farqli ravishda bir bosqichli emas, uch bosqichli ventilyasiyani amalga oshiradi. Bunday apparatlar ishlab chiqaruvchi zavodning O‘zbekistonda barpo etilishi davlatning tibbiy xavfsizligini ta’minlaydi.

Koronavirus tufayli mamlakatdagi mavjud vaziyat va bemorlar uchun IVL va shaxsiy himoya vositalari uchun sarflanadigan ehtiyojni hisobga olgan holda mazkur loyiha doirasida O‘zbekistonga 1000 dona nafas olish konturlari, 500 dona namlik kollektor bilan nafas olish konturlari va 1000 dona bir martali bakterial-virusli filtrlarni beg‘araz foydalanish uchun topshiriladi.

Hozirda shu ishlarni amalga oshirish maqsadida «CHIRANA ASIA» Slovakiya-Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi tashkil etilgan bo‘lib, kompaniya «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» («Made in Uzbekistan») yorlig‘i ostida mamlakatda yagona yuqori texnologik tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqaradi. Bunday ishlab chiqarish O‘rta Osiyoda birinchi marta amalga oshiriladi, bu esa tibbiyot sanoatida import o‘rnini bosish jarayonini jadallashtiradi.

Bundan tashqari, ta’mirlash uchun ehtiyot qismlar va xizmat ko‘rsatish markazi yaratilib, IVL (o‘pkaning sun’iy ventilyasiyasi apparati) va NDA (narkoz-nafas olish apparati) qurilmalari uchun noyob, mobil va zamonaviy servis xizmati tashkil etiladi. Anesteziologiya sohasida yuqori malakali xorijiy mutaxassislar taklif qilingan holda IVL va NDA qurilmalaridan foydalanish bo‘yicha seminarlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ishlab chiqariladigan mahsulotlarni, shuningdek, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Afg‘onistonda sotish rejalashtirilmoqda. Eslatib o‘tamiz, koronavirus pandemiyasi tufayli hozirda butun dunyoda IVL apparatlari taqchilligi kuzatilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring