Sud Braziliya prezidentiga niqob taqish majburiyatini yukladi
Braziliya sudi mamlakat prezidenti Jair Bolsonaruga omma oldidagi chiqishlarda niqob taqish majburiyatini yukladi. Sud qarorida ta’kidlanishicha, davlat rahbari koronavirus pandemiyasi paytida ehtiyot choralari ko‘rishi «konstitutsion majburiyatdir».
«Mamlakatda amalda bo‘lgan qonunlarga rioya qilish, shuningdek, fuqarolarning umumiy farovonligini ta’minlash prezidentning konstitutsion majburiyatlari sanaladiki, bu o‘z-o‘zidan u fuqarolarning sog‘liq huquqini himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rishini ham anglatadi», — dedi sudya Renato Borelli.
E’tiborli jihati, Bolsonaruga qarshi ishni bir advokat ochdirgandi.
Ushbu qaror mamlakat hukumati uchun ham taalluqli ekani qo‘shimcha qilib o‘tilgan.
Jair Bolsonaru koronavirusni tan olmaydigan davlat rahbarlaridan sanaladi (garchi yurti pandemiyaning ikkinchi yirik o‘chog‘iga aylangan bo‘lsa ham). Xalq ichiga niqob taqmasdan kirib boraveradi, oraliq masofani saqlash tugul, odamlar bilan qo‘l berib ko‘rishganiga ko‘p guvoh bo‘lishgan.
Yaqinda mamlakat ta’lim vaziri Abraham Vayntraub prezident Bolsonaru tarafdorlari poytaxtda o‘tkazgan mitingda niqobsiz qatnashgani uchun 400 dollar jarimaga tortilgandi.
«Worldometer» ma’lumotiga ko‘ra (24.06.2020, soat 20:30), Braziliyada koronavirusni yuqtirganlar soni 1 152 066 nafarga yetgan, 613 mingdan ortiq bemor sog‘aygan, qurbonlar soni — 52 788 nafar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter