Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tibbiyot xodimlari va’da qilingan mukofot pullari to‘lanmayotganidan shikoyat qilishmoqda

Tibbiyot xodimlari va’da qilingan mukofot pullari to‘lanmayotganidan shikoyat qilishmoqda

Foto: «Xabar.uz»

Tahririyatimizga Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi 10-podstansiya ko‘chma brigada shifokorlari, Toshkent shahar Yakkasaroy tumani A.Qahhor 44A-uyda maxsus tashkil qilingan koronavirusga qarshi kurashish shtabida 2020-yil 21-martdan beri maxsus «epidperevozka»da ishlab kelayotgan mutaxassislardan murojaat kelib tushdi.

«Biz o‘z faoliyatimiz davomida koronavirus infeksiyasi gumon qilingan shaxslarni maxsus karantin zonasiga olib borish, koronavirusga chalingan va shu kasallik tashxisi qo‘yilgan bemorlarni Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalariga olib bormoqdamiz. Biz bevosita koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan o‘nlab bemorlar bilan ba’zan soatlab aloqada bo‘lishimizga va ularning sog‘ligi yomonlashganda birinchi yordam ko‘rsatishimizga to‘g‘ri kelyapti.

Faoliyatimiz davomida reanimatsiya bo‘limidan virusga chalingan juda og‘ir ahvoldagi bemorlarni ham tashishga to‘g‘ri kelayapti. Shuningdek, xalqaro charter reyslarida kelgan fuqarolarni aeroportda kutib olib, kerak bo‘lganda, birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatib, belgilangan joydagi karantin zonalariga va shifoxonalarga olib bormoqdamiz.

Karantin zonasida koronavirus infeksiyasi aniqlangan bemorlarni, ularning yuklarini mashinaga ortib, bemor holati qoniqarli bo‘lsa, mashinaning orqa kabinasiga joylashtirib, agar bemorning ahvoli og‘ir bo‘lsa, kabina ichida birlamchi yordam ko‘rsatib, u bilan birga ketishga to‘g‘ri kelmoqda. Biz o‘z sog‘lig‘imiz va oila a’zolarimiz sog‘lig‘ini xavfga qo‘yib, xizmat burchimizni sidqidildan bajaryapmiz.

Muhtaram prezidentimiz tomonidan tibbiyot xodimlari mehnati munosib qadrlanib, 2020 yil 26 martda «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4652-son qarori imzolangan edi. Mazkur qarorga muvofiq koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan ob’yektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun quyidagi miqdorlarda (soliqlardan tashqari) maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi belgilangan edi:

  • vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga — 25 million so‘m;
  • o‘rta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga — 15 million so‘m;
  • kichik tibbiyot xodimlariga — 10 million so‘m;
  • boshqa xodimlarga — 5 million so‘m.

Qolaversa, Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 30-apreldagi 20-sonli yig‘ilish bayonnomasi bilan tasdiqlangan vaqtinchalik nizom tasdiqlangan. Bizning faoliyatimiz PQ-4652 va shu nizomning 1-bob 1,2,3,4 – bandlariga; 2-bob 8, 9, 10-a, b, v, g, 12, 15, 16-bandlariga va 3-bob 21, 22 bandlariga, shuningdek, «bevosita koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan xodimlarga nisbatan tadbiq etiladi» deyilgan jumlalarga to‘la mos keladi. Shu tadbirga jalb qilingan bizning mehnat faoliyatimiz 4 oy bo‘layotgan bo‘lsa-da, bizga hali «maxsus rag‘batlantirish to‘lovlari» to‘lab berilmadi», — deyiladi murojaatda.

Murojaat egasining qayd etilishicha, tez tibbiy yordam stansiyasi 10-podstansiya ko‘chma brigada shifokorlari bunga qadar bir qancha yuqori tashkilotlarga (Adliya vazirligidan tortib, Prezident portaligacha, Moliya vazirligidan tortib, Senat raisigacha) chiqilgan. Shuningdek, bir qator internet saytlarida ushbu masala ko‘tarilgan. Shundan keyin brigada shifokorlariga 2 oy uchun 6 foizlik ustama to‘lab berilgan, ammo Prezident qarorida nazarda tutilgan mukofot pullari hamon to‘lanmagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring