Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yana Qo‘qon. Mahalliy kengash deputatlariga nima bo‘lmoqda?

Yana Qo‘qon. Mahalliy kengash deputatlariga nima bo‘lmoqda?

Foto: Xabar.uz

Sanoqli soatlar avval Qo‘qonda haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatgan deputatga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani xabari berilgandi. Hozirgina Qo‘qondan navbatdagi xabar keldi: shahar kengashining yana bir deputatiga sud tartibida ma’muriy jazo chorasi qo‘llandi.

Nima bo‘lgan edi?

Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, shu yilning 28 mart kuni  deputat va tadbirkor  M. A. (1976 yilda tug‘ilgan) davlat raqami x007xx bo‘lgan «Malibu»sida shahar markazi tomon harakatlanib, Istiqlol va Turon ko‘chalari kesishmasida o‘rnatilgan blok-postda qarshilikka uchraydi.

Ya’nikim, shu yerda xizmat vazifasini o‘tayotgan Ichki ishlar organi va Milliy gvardiya xodimlari uni mashina bilan markaz tomon harakatlanishi mumkin emasligini bildiradi.

M.A. kimligini aytib, deputatlik guvohnomasini ko‘rsatishi ham kor qilmaydi. Bundan chandon jahli chiqqan M.A. shu kuni kechqurun o‘zi ham a’zo bo‘lgan «Telegram» ijtimoiy tarmog‘idagi Qo‘qon shahar kengashi deputatlari guruhi orqali Ichki ishlar xodimlari sha’niga qo‘pol va haqoratomuz so‘zlar aytib, ularning o‘z vazifalarini bajarish bilan bog‘liq qonuniy talablarini bajarmaslikka da’vat qiladi.

Ertasigayoq deputatning ijtimoiy tarmoq orqali qilgan mazkur da’vati bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlanadi. Bunday xatti-harakatda ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari aniqlangani bois Qo‘qon shahar prokurorining taqdimnomasiga binoan xalq deputatlari mahalliy kengashi M.A.ni daxlsizlik huquqidan mahrum qilib, unga nisbatan sud tartibida ma’muriy jazo qo‘llashga rozilik beradi.

Qo‘qon shahar ma’muriy sudi M.A.ni MJtKning (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks) 195-moddasida («Ichki ishlar organlari xodimining o‘z vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq qonuniy talablarini bajarmaslikka omma oldida har qanday shaklda da’vatlar qilish») ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topdi va uni 15 sutkaga «kesib» yubordi. E’tiborlisi, 15 sutka qamoq – qayd etilgan moddada ko‘zda tutilgan jazolarning eng yuqorisi hisoblanadi.

Shuningdek, sud IIB xodimlarining xatti-harakatlarida (M.A.ni blok-postdan o‘tkazmaganlikda) qonun buzilishi holati bor-yo‘qligini aniqlash maqsadida Qo‘qon shahar prokuroriga taqdimnoma kiritishni ham unutmadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring