Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bobur Nabi

Fiqrachilar firqasidanman!

Behayo filmlar namoyishi: aybsiz aybdorning jazolanishi

Behayo filmlar namoyishi: aybsiz aybdorning jazolanishi

Ckrin: «Youtube»

2018-yil 15-iyul kuni «Sevimli» telekanalining kechki efirlarida «Hurliqo» filmi efirga uzatilgani, undagi epizodlarning birida milliy mentalitetimizga mos bo‘lmagan kadrlar aks etgani ko‘plab tomoshabinlarning e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Kimdir telekanal xodimlarini yoqlab chiqsa, boshqasi ularning ishini ma’qullamadi. Bunaqa kinolarni namoyish etayotgan telekanal faqat «Sevimli» emas, deganlar ham topildi. Ayrimlar «Sevimli» uchun yaxshigina pi-ar bo‘lganini ta’kidladi.

Telekanal esa tomoshabinlardan uzr so‘rab, «ish bor joyda kamchilik ham bo‘ladi deganlaridek, efirga uzatilgan filmda texnik xato tufayli milliy axloqimizga zid qisqa epizod o‘tib ketgani» uchun «o‘z ishiga mas’uliyatsizlik qilgan barcha xodimlar ishdan bo‘shatildi», deb bayonot berdi.

U bechora texnik xodimda nima ayb? U ham odam, xayolidan ko‘tarilgandir yoki butun dunyo e’tibori qaratilgan jahon chempionati finaliga chalg‘igandir, final va kino deyarli bir vaqtda bo‘lib o‘tgan. Telekanal qayoqdagi sahifasida uzr so‘ragan bo‘lib, aybini yuvgandek ko‘rindi va «ish bor joyda kamchilik kuzatiladi» deya xaspo‘shladi. Bo‘shatilgan xodimlar ham uzr so‘rashi mumkinmidi?

Albatta, mumkin edi. Nima uchun aynan ular jazolandi? Axir ular texnik bo‘lsa, filmning qayerini «kesib» tashlashni taxminan bilishi mumkin xolos: o‘pishgan, quchoqlashgan, yotoqda yotgan sahnalar. Telekanal rahbariyati aynan nimalar «qirqilishi» haqida aniq jadval yoki biror buyruq chiqargani haqida churq etmagan.

Xo‘sh, unda kim jazolanishi kerak?

Shoshmang, nega endi kimdir jazolanishi kerak, deb o‘ylayapsiz? Chunki ekranda ketgan behayo kadrlar uchun telekanal o‘zicha chora ko‘rganini hammaga bildirib qo‘yishi lozim edi. Shunday bo‘ldi ham. Aslida texnik xodim emas, o‘sha bema’ni kinoni tarjima va dublyaj qilganlar, uni efir uchun tanlaganlar jazolanishi lozim. Ana shular haqiqiy aybdor bo‘lishi mumkin.

Lekin hech kimni jazolamaslik ham mumkin edi. Uzr so‘rab, intizomiy ogohlantirish bilan ham kifoyalanish mumkin edi. Ya’ni birov (filmni efirga tanlaganlar) yegan somsaga boshqa birov (behayo kadrlarni «qirqmagan»lar) pul to‘lamasligi kerak edi!

Ishdan bo‘shatilganlardan uzr so‘rab, ularni o‘z ishiga qaytarish uchun hali ham kech emas. Yaxshisi, efirga ketguncha o‘ylab ish qilgan ma’qul.

Izohlar 3

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring