Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Fethiye - Egey va O‘rta yer dengizi chorrahasidagi maftunkor shahar

Fethiye - Egey va O‘rta yer dengizi chorrahasidagi maftunkor shahar

Fethiye - Turkiyaning janubi-g‘arbiy qismida va Mug‘la viloyatida joylashgan shahar bo‘lib, Egey va O‘rta yer dengizi chorrahasidagi maftunkor dam olish maskanidir. Bu go‘zal shahar o‘zining tabiiy go‘zalliklari, tarixiy boyliklari va turli tadbirlari sabab dam oluvchilarning sevimli «bekat»laridan biri hisoblanadi.

O‘lideniz

Fethiyeni O‘lidenizsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Butun dunyoga mashhur ushbu plyaj o‘zining firuza rang shaffof dengizi va oq qumlari bilan barchani hayratda qoldirib keladi. O‘lidenizda paraplanda uchib, yuqoridan bamisoli qush kabi ajoyib manzarani tomosha qilish va sokin suvlarda suzish kabi zavqli mashg‘ulotlar bilan ta’tilni maroqli o‘tkazish mumkin.

Likiya yo‘li

Fethiyening Likiya yo‘li tabiat qo‘ynida sayr qilishni sevuvchilar va trekking ixlosmandlari uchun munosib maskan. Fethiyedan boshlanib Antaliyagacha cho‘zilgan bu qadimiy yo‘lak o‘zining betakror manzaralari va tarixiy qoldiqlari bilan e’tiborni tortadi. Yurish paytida ajoyib ko‘rfazlarni va qadimgi Likiya shaharlarini kashf qilish mumkin.

Kayako‘y

Fethiyedan bir necha kilometr uzoqlikda joylashgan Kayako‘y tarixiy va madaniy boyliklari bilan mashhur. Ushbu tashlandiq yunon qishlog‘i o‘z mehmonlariga tosh uylari va tor ko‘chalari bilan noyob tajribani taqdim etadi.
Kayako‘y tarixga qiziquvchilar va fotografiya ixlosmandlari uchun ideal joy.

Saklikent kanoni

Yozning jaziramasidan charchaganlar uchun tetiklantiruvchi dam olish maskani bo‘lgan Saklikent kanoni Fethiyedan taxminan 50 km uzoqlikda joylashgan. Ushbu ajoyib kanon uzunligi 18 km bo‘lib, tashrif buyuruvchilarga sayr qilish, muzdek sovuq suvlarda salqinlash va kanyon oxiridagi restoranlarda dam olish imkoniyatini beradi.

Fethiye muzeyi

Fethiye muzeyi Fethiyening tarixiy va madaniy merosini o‘rganmoqchi bo‘lganlar uchun muhim bir to‘xtash joyidir. Muzeyda Likiya, Rim va Vizantiya davriga oid ko‘plab asarlar mavjud.
Tashrif buyuruvchilar mintaqaning boy o‘tmishi bilan tanishar ekan, hayratlanarli eksponatlari o‘ziga rom etishi shubhasiz.

Go‘jek orollari

Go‘jek orollari Fethiye yaqinida joylashgan bo‘lib, moviy sayohatga chiqishni istaganlar uchun bebaho imkoniyatdir. Ushbu noyob orollarni har kuni qayiq sayohatlari bilan kashf qilish, shaffof suvlarda suzish va quyoshdan bahramand bo‘lish mumkin. Go‘jek ko‘rfazlari tinchlik va sokinlik izlaganlar uchun ayni muddao.

Tlos qadimiy shahri

Likiyaning eng qadimgi va eng muhim shaharlaridan biri bo‘lgan Tlos qadimiy shahri Fethiyedan taxminan 40 km uzoqlikda joylashgan. Qadimgi teatri, qoya qabrlari va xarobalari bilan mashhur bo‘lgan Tlos tarix ishqibozlari albatta ko‘rishi kerak bo‘lgan maskanlardan.
Tarixga chuqur sayohat qilishni istaganlarga ushbu qadimiy shaharni o‘rganish tavsiya qilinadi.

Chalish plyaji

Fethiye markaziga juda yaqin joylashgan Chalish plyaji o‘zining uzundan uzun sohil bo‘yi va ajoyib quyosh botishi manzarasi bilan mashhur. Plyaj bo‘ylab cho‘zilgan yurish yo‘li velosipedda va kechqurungi yurish uchun mukammaldir. Bundan tashqari, plyaj atrofida ko‘plab restoran va kafelar mavjud.

Shunday qilib, Fethiye turli xildagi dam oluvchilarning umidlarini qondira oladigan boyliklarga ega. Tabiiy go‘zalliklar, tarixiy joylar va turli tadbirlarga to‘la bu go‘zal shaharcha unutilmas va noyob dam olish tajribasini taqdim etadi. Tabiat qo‘ynida tinch dam olishni yoki sarguzashtli kashfiyotni qidiryapsizmi, siz izlagan barchasi Fethiyeda mujassam...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring