Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Global ekologik muammolar aks etgan 20 dan ortiq haykaltaroshlik asarlari yaratildi

Global ekologik muammolar aks etgan 20 dan ortiq haykaltaroshlik asarlari yaratildi

7 sentyabr kuni «Toshkent – 2024» III Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi yopilish marosimi o‘tkazildi. Unda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Badiiy akademiya, Badiiy ijodkorlar uyushmasi mas’ullari, xorijiy davlatlarning yurtimizdagi elchixonalari, Badiiy akademiya huzuridagi ta’lim muassalalari vakillari va boshqalar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning simpozium ishtirokchilariga tabrigi o‘qib eshittirildi.

«Bu galgi simpozium «Haykaltaroshlik, atrof muhit va iqlim o‘zgarishi» mavzusiga bag‘ishlandi. Bir oy davomida mashaqqatli mehnat, boy tajriba va ulkan mahorat evaziga yaratilgan o‘ziga xos original g‘oyaga ega haykaltaroshlik asarlari ekologiyani asrash bugungi kunda insoniyat uchun naqadar dolzarb kun tartibiga aylanganini anglatib turibdi. Bunday betakror ijod namunalari uchun Simpoziumda ishtirok etgan barcha haykaltaroshlarga chuqur minnatdorlik bildiraman», – deyiladi tabrikda.

Simpoziumda Xitoy Xalq Respublikasi, Hindiston, Turkiya, Eron, Bolgariya, Ispaniya, Rossiya, Estoniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Belarus, Ozarbayjon, Gruziya, Ukraina, Keniya kabi mamlakatlardan 20 nafar hamda yurtimizdan 7 nafar professional haykaltarosh ishtirok etdi.

«Simpoziumda qatnashish uchun 150 nafar mahalliy va xorijlik haykaltaroshlar 600 ga yaqin loyihalarini yuborishdi. Bular orasidan esa 27 ta eng yaxshi loyihalar tanlab olindi. Har bir haykaltaroshlik namunasi tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan ma’lum bir g‘oyani aks ettirgan, — dedi Ekologiya vaziri maslahatchisi Matnazar Elmurodov. — Shu bilan birga, ushbu simpozium yurtimizda haykaltaroshlik san’ani yanada rivojlanishiga xizmat qiladi».

Haykaltaroshlar tomonidan Toshkent shahrida global va mintaqaviy ekologik muammolar, iqlim o‘zgarishi, shaharsozlik, aholining ekologik va estetik madaniyatini oshirish mavzulariga bag‘ishlangan 20 dan ortiq haykaltaroshlik asarlari yaratildi.

«Tabiatning ifloslanishiga, avvalo, insoniyat sababchi bo‘lgan. Insonlar azal-azaldan atrof-muhitga turli shakllarda zarar yetkazib kelishgan. Endi esa bu holatga barham berish, ya’ni uyg‘onish vaqti keldi. Shuning uchun ham men tabiat oldida tiz cho‘kib, uzr so‘rayotgan inson obrazini tasvirladim va bu asarimni «Uyg‘onish» deb nomladim», — dedi eronlik haykaltarosh Shaho Rezai.

Tadbir yakunida haykaltaroshlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ma’lumot uchun, simpozium davomida yaratilgan haykallar Toshkent shahrining madaniy muhiti va badiiy qiyofasini shakllantirish maqsadida istirohat bog‘lari, dam olish zonalari, ko‘ngilochar va sayyohlik maskanlariga, shu bilan birga, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti («Green University»)ga o‘rnatiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring