«Maykl» filmi tarixdagi eng kassabop bayopikka aylandi
«Maykl» filmi jahon prokatida 977 million dollar kassa yig‘ib, tarixdagi eng serdaromad biografik filmga aylandi. Bu haqda Variety nashri xabar berdi.
Shu tariqa kartina avvalgi rekord egasi — jahon bo‘ylab 975 million dollar yig‘gan «Oppengeymer» filmini ortda qoldirdi.
«Maykl» (Michael) — afsonaviy pop-qiroli Maykl Jekson hayotiga bag‘ishlangan biografik musiqiy drama.
Film xonandaning hayoti va ijodiy faoliyatining eng muhim bosqichlarini qamrab oladi. Syujetda Maykl Jeksonning bolaligi, The Jackson 5 guruhidagi ilk qadamlari, jahon miqyosida mislsiz shon-shuhrat qozonishi hamda 1980-yillardagi mashhur jahon turnesigacha bo‘lgan voqealar aks etgan.
Shuningdek, kartinada uning ichki kechinmalari, oilaviy munosabatlari, ayniqsa, otasi Jo Jekson bilan kechgan murakkab munosabatlar va sahna ortidagi hayoti ham yoritilgan.
Filmda Maykl Jekson obrazini xonandaning jiyani Jaafar Jekson gavdalantirgan. Bu uning kinodagi debyut rolidir.
Kartinani mashhur rejissyor Antuan Fukua («Mashg‘ulot kuni», «Adolat himoyachisi») suratga olgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter