Nobelchi adiblar O‘zbekistonga taklif etildi
O‘zbekistonda ilk bor joriy etilgan xalqaro adabiy almashuv dasturi tashabbuskori, yozuvchi va tarjimon A’zam Obid adabiyot yo‘nalishida Nobel mukofoti sohibi bo‘lgan ijodkorlar – O‘rxon Pomuq, Herta Myuller va Mo Yanni yurtimizga taklif qildi. Jahonga dong‘i ketgan adiblar Uzbekistan’s Literature and Art Bridge (O‘zbekistonni dunyo adabiyoti va san’ati bilan bog‘lovchi ko‘prik) dasturida ishtirok etishga da’vat etilgan.
«Men ko‘p yillardan buyon ona sayyoramiz bo‘ylab sayru sayohat qilib, xorijdagi do‘stu yorlarimni Vatanimizga taklif etib kelaman. Kiprikdagi yoshdek qalqib turgan beqaror zaminimizni qutqarib qolmoq uchun ijodiy muloqot va almashuvlarni kuchaytirish lozim», – deb yozadi A’zam Obid dongdor adiblarga ingliz tilida yo‘llagan maktubida.
UzLAB dasturi 2018-yil oktyabr oyida tajriba sifatida joriy etilgan. Hozirga qadar mazkur dastur doirasida o‘ndan ziyod xorijiy davlat ijodkorlari yurtimizda mehmon bo‘ldi. Xususan, joriy yil 25-sentyabrdan 10- oktyabrga qadar davom etgan yozuvchi, rassom va madaniyat xodimi rezidensiya dasturida AQSh, Avstraliya, Yaponiya, Daniya, Ispaniya, Bolgariya, Isroil, Bangladesh, Qirg‘iziston hamda Qozog‘istondan kelgan atoqli ijodkorlar qatnashdi.
UzLAB tashabbusidan ko‘zlangan maqsad – adabiy, madaniy almashuv, o‘zbekistonlik yozuvchi, shoir, rassom va madaniyat sohasi vakillariga xorijlik hamkasblari bilan muloqot o‘rnatish uchun imkoniyat yaratish, muntazam hamkorlik qilish, ko‘rgazmalar o‘tkazish, kitoblar chop etishdan iboratdir.
Ta’kidlash joizki, UzLAB dasturi maxsus moliya manbalari va homiylik mablag‘larisiz, ko‘ngillilarning himmati evaziga amalga oshirilmoqda.
«Islohot va fikriy yangilanishga ko‘mak beruvchi yangi avlod shoir, yozuvchi va rassomlarini tarbiyalash uchun belni mahkam bog‘lab jiddu jahd qilmoq lozim. Mavridi bilan xorijda yurgan ko‘p millionli mehnat muhojirlarimizni Vatanga qaytarmoq kerak. O‘zbekiston gullab-yashnashini ko‘rmoq – har birimizning ardoqli orzumizdir. Umid qilamizki, dasturimiz kelgusida yurtimizda keng ko‘lamli xalqaro ijodiy loyiha va festivallar tashkil etilishi, xalqaro ijod uylari ochilishiga turtki bo‘ladi», – deb yozadi A.Obid o‘z maktubida.
Atoqli adiblarning Samarqand, Buxoro, Xiva kabi ko‘hna shaharlar hamda yashil vodiyning kentu qasabalarini ziyorat qilishi, ijodiy uchrashuvlarda qatnashishi ko‘zda tutilgan.
Turk adibi O‘rxon Pomuq (2006), olmon shoirasi Herta Myuller (2009), xitoy yozuvchisi Mo Yan (2012) betakror ijodiy izlanishlari uchun adabiyot yo‘nalishida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter