Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘xshashi yo‘q loyiha». O‘zbekistonga yetti iqlimdan shoir-yozuvchilar keldi

«O‘xshashi yo‘q loyiha». O‘zbekistonga yetti iqlimdan shoir-yozuvchilar keldi

Dasturda Yaponiyadan Kiprga qadar – dunyoning turli burjidan kelgan ijodkorlar qatnashmoqda.

Bir guruh ko‘ngillilar asos solgan «Yozuvchi/madaniyat xodimi rezidensiyada» dasturi doirasida O‘zbekistonga dunyoning o‘ndan ortiq mamlakatidan ijodkorlar tashrif buyurdi.

24 oktyabrdan 7 noyabrga qadar davom etadigan dastur davomida mehmonlar yurtimiz bo‘ylab mushoira, badiiy o‘qish kechalari, ijodiy uchrashuvlarda qatnashadilar, kutubxona, adabiyot va uy-muzeylari, diqqatga sazovor tarixiy joylarga sayohat qiladilar.

Bu yilgi ijodiy dasturda Yusuke Miyake (Yaponiya), Rashida Ismoiliy (AQSh), Nurduran Duman (Turkiya), Sonya Manoylovich (Xorvatiya), Elis Sun-Kua (Filippin), Anna Lombardo (Italiya), Reshma Ramesh (Hindiston), Aleksis Berno (Fransiya), Neshe Yashin (Kipr) va boshqa ijodkorlar ishtirok etmoqda.

«Haqiqatni va faqat haqiqatni yozing!»

Dunyo ahli manfaatga mukkasidan ketgan, moddiy ne’mat birlamchi o‘ringa chiqqan hozirgi pallada adabiyot, so‘z san’atiga oshno bo‘lish, bu kabi ijodiy dasturlarni amalga oshirish ma’naviy jasorat bo‘lib tuyuladi.

82 yoshni qoralagan Patrishia Bernard – 80 dan ziyod kitob muallifi. Avstraliyalik adiba insoniyat qismati, umr mohiyati kabi azaliy mavzularni o‘ziga xos yo‘sinda badiiy tadqiq etib keladi. Yozuvchi ijodiy bisotida kenja avlod o‘quvchilariga atalgan asarlar ham talaygina. Uning «Darbadar» romani Avstraliyadagi nufuzli «Aurealis» mukofotining «Eng yaxshi roman» nominatsiyasiga nomzod asarlar ro‘yxatidan joy olgan.

«Gohida «Endi Adabiyot o‘ladi» degan iddaolarni eshitib qolaman. Albatta, bugun kitob o‘qish urfdan qolgani, mutolaadan begona avlod o‘sib ulg‘ayayotganini inkor etib bo‘lmaydi. Masalan, mening vatanim Avstraliyada ham uyali aloqa telefoni sabab butun bir avlodni boy bermoqdamiz. Mening bolalik kezlarim xonadonlarda telefon apparati yo‘q edi. Har bir ko‘chada telefon budkasi bo‘lar, zarurat tug‘ilsa o‘sha telefondan foydalanar edik. Hozir-chi? Har bir odamning, hatto ona usti og‘zidan ketmagan bolaning qo‘lida telefon! Taraqqiyotga aslo qarshi emasman. Ammo qo‘lingizda «barcha savollarga javob berishga qodir» smartfon bo‘lar ekan, tasavvuringiz g‘ariblashadi, mahdudlashadi», – deydi Patrishia Bernard  «Xabar.uz» muxbiri bilan suhbatda.

Patrishia Bernard Abdulla Qodiriy uy-muzeyida.

Unga ko‘ra, hozirgi pallada adabiyot oldidagi asosiy vazifa insoniyat, xususan, yosh avlodda tasavvur salohiyatini qayta uyg‘otish bo‘lib qolmoqda.

«Zamonaviy aloqa vositalari farzandlarimizning tasavvur kuchini yo‘qqa chiqarmoqda. Shu bois hozir ta’lim ham, adabiyot ham bolaning tasavvur hududlarini kengaytirish, taxayyul kuchini oshirishga yo‘naltirilishi kerak», – deydi u.

P.Bernard fikricha, adabiyot jamiyatda yana qayta xaloskorlik, yetakchilik rolini qaytarib olishi mumkin. Buning uchun esa qalam ahli faqat va faqat haqiqatni yozishi talab etiladi.

«Ijod ahli har qanday vaziyatda ham haqiqatni bosh mezon deb bilishi kerak. Dunyoda yanada katta hudud, yanada katta qudratga ega bo‘lish yo‘lida urushlar kechayotgan bizning davrimizda haqiqatga sadoqat, rost so‘zdan chekinmaslik talabi ikki karra oshgan. Odamlarning kitob o‘qimay qo‘ygani, kitob adadi tushib borayotgani kabi muammolarga qaramay, haqiqatdan yozishdan chekinmasligimiz kerak. Ana shunda adabiyot ham qayta tug‘iladi. Ehtimol,  bu kechroq ro‘y berar, balki bizga o‘sha yorug‘ kunni ko‘rish nasib etmas. Ammo ijodkor jillaqursa vijdoni qarshisida uyalmaslik uchun ham yolg‘ondan parhez qilishi kerak», – deydi dunyoning yetti iqlimini kezib chiqqan tajribali adiba.

«Xalq puli festivallarga sovurilishiga qarshimiz»

O‘nlab mumtoz va zamonaviy o‘zbek ijodkorlari asarlarini ingliz tiliga tarjima qilib chop ettirgan shoir va tarjimon A’zam Obid «Yozuvchi/madaniyat xodimi rezidensiyada» ijodiy loyihasining asoschisi hamdir.

2018 yil oktyabr oyida tajriba tariqasida joriy etilgan dastur doirasida hozirga qadar o‘nlab davlatlar ijodkorlari yurtimizda mehmon bo‘ldi.

E’tiborga molik jihati, Uzbekistan’s Literature and Art Bridge (O‘zbekistonni dunyo adabiyoti va san’ati bilan bog‘lovchi ko‘prik) deya ramziy nom bilan atalgan dastur budjet mablag‘larisiz, ko‘ngillilarning himmati evaziga amalga oshirilmoqda. Ishtirokchilar ham mehmonxonada emas, balki o‘zbekistonlik futuvvatli ijodkorlarning uylarida yashashadi.

«Biz davlatdan bir tiyin ham olmaymiz. Zotan, bu – unikal volontyorlik va vatanparvarlik dasturidir. Biz forumlar, konferensiyalar, festivallarga xalq puli sovurilishiga qarshimiz. Biz xalq puli – davlat budjeti mablag‘lari ta’lim, sog‘liqni saqlash va yaxshi haq to‘lanadigan ish o‘rinlari ochish uchun yo‘naltirilishi lozim deb bilamiz», – deydi loyiha tashabbuskori A’zam Obid.

A’zam Obid mehmon ijodkorlar bilan.

UzLAB tashabbusidan ko‘zlangan maqsad – adabiy, madaniy almashuv, o‘zbekistonlik yozuvchi, shoir, rassom va madaniyat sohasi vakillariga xorijlik hamkasblari bilan muloqot o‘rnatish uchun imkoniyat yaratish, muntazam hamkorlik qilish, ko‘rgazmalar o‘tkazish, kitoblar chop etishdan iboratdir.

«Bir do‘stim ba’zan kattagina mablag‘ sarflab, adabiyot va san’at rivoji uchun qilayotgan shuncha mustaqil harakatingiz, tavsiyalaringiz, har xil dastur va loyihalaringiz kimlargadir yuqyaptimi, deb so‘rayapti. Qisqa javobim bunday: Ha, alhamdulillah, ijodkorlarimizning fikri o‘zgarmoqda, tiniqlashmoqda, zo‘r narsalar yozyapsiz, deb ruhlanmoqda. G‘oyalar, loyihalar rivojlantirilib, davom ettirilsagina muvaffaqiyatlidir. Mitti jussasi bilan ulkan gulxanni o‘chirish uchun bir tomchi suv tashigan chumolini eslangiz. O‘zimni o‘sha chumoliday sezaman goho. Parvardigori Olam har bandasidan uning kuchiga qarab hisob so‘raydi. Mening kuchim yetgani shu. Men jim turmayapman!» – deydi A.Obid.

O‘tgan dasturlar natijasi o‘laroq, yurtimiz adiblarining she’riy va nasriy asarlari xorijiy tillarda dunyo yuzini ko‘rdi. Dunyo matbuotida ham yurtimiz madaniyati, san’ati va adabiyotiga oid maqolalar chop etilmoqda. Vaqt o‘tgan sayin mazkur dastur o‘zbek va jahon adabiyoti o‘rtasida mustahkam ko‘prikka aylanmoqda.

Darvoqe, xorijlik adiblarning yurtimiz bo‘ylab ijodiy safari «Mitti ko‘prik» kanalida yoritib borilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, A’zam Obid UzLAB dasturi doirasida Nobel mukofoti sohibi bo‘lgan ijodkorlar – O‘rxon Pomuq, Herta Myuller va Mo Yanni yurtimizga taklif qilgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring