Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Samolyotdagi notanish hamroh: Amitabh Bachchan hikoyasi

Samolyotdagi notanish hamroh: Amitabh Bachchan hikoyasi

Hindistonning mashhur aktyori Amitabh Bachchan shunday hikoya qiladi:

– Faoliyatim cho‘qqisiga chiqqan, mamlakatda ham, xorijda ham taniqli bo‘lgan vaqtlarim edi. Bir safar manzilimga samolyotda borishimga to‘g‘ri keldi.

Samolyotga o‘tirdik. Yon tomonimdagi o‘rindiqda odmigina kiyingan, ko‘rinishidan o‘qimishli, sodda va samimiy tasavvur qoldiradigan bir kishi joylashdi. Tabiiyki, bortdagi boshqa yo‘lovchilar meni tanib, muloqotga kirishishga harakat qilishar, ammo bu kishi pinagini ham buzmasdan, borligimdan bexabarday qo‘lidagi kitobni xotirjam mutolaa qilib ketar, ba’zan ilyuminatordan tashqariga qarab qo‘yar edi.

Bort xizmatchilari choy tarqatgan vaqtdan foydalanib, bu notanishni gapga solganday jilmayib qarab qo‘ydim. U ham javoban muloyim jilmayib salom berdi va suhbatlashishga sharoit paydo bo‘ldi. Men suhbatimizni filmlar tarafga burdim-da, undan qanaqa kinolar ko‘rishga qiziqishini so‘radim.

– Kinomi, juda kamdan-kam hollarda ko‘raman, oxirgi bor ko‘rganimga bir necha yillar bo‘lib qoldi, – deb javob berdi janob.

Shunda unga o‘zimni tanitmoqchi bo‘lib, kino sanoatida ishlashimni aytdim. Sherigim esa:

– Juda yaxshi, kino sanoatida nima ish bilan shug‘ullanasiz? – deb so‘radi. Tanisa tanib qolar deb aktyor ekanligimni, ko‘plab kinofilmlarda rol o‘ynaganimni aytdim. U gapimga shunchaki, «shundaymi, ha, yaxshi» deb bosh irg‘adi-da, yana qo‘lidagi kitobni mutolaa qilishga tushib ketdi.

Manzilimizga yetib, samolyot qo‘nganida hamrohim bilan xayrlashish oldidan «Aytgancha, mening ismim Amitabh Bachchan», deb qo‘l uzatdim. U kishi tabbasum bilan qo‘limni siqib, «Rahmat, siz bilan tanishganimdan xursandman, men kichik Tata bo‘laman» («Tata» firmasining raisi), deb javob berdi (izoh: «Tata Group» Hindistonda mashinasozlik, aviasozlik, metallurgiya, maishiy texnika va boshqa sohalarda yirik ishlab chiqaruvchi hisoblanadi. Bugungi kunda 8 ta sektorda 114 ta kompaniyani birlashtirib turadigan 935 ming ishchisi mavjud gigant kompaniya).

Hayot qanday hamrohlarni yo‘liqtirishini bilmaysiz ekan. O‘sha kuni tushundimki, o‘zingizni qanchalik baland sanamang, har doim sizdan yuqoriroq, kattaroq odam baribir chiqadi ekan. Inson kamtar bo‘lsa hech narsa yutkazmaydi, hurmati ham, himmati ham kamayib qolmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring