«Uyda yolg‘iz»: ikki o‘g‘ri qismati
1990 yilda ekranga chiqqan «Uyda yolg‘iz» filmi butun dunyoga mashhur bo‘ldi. U bolalik xotiralari, bayramona kayfiyat va beqiyos hazil-mutoyiba ramziga aylandi. Filmning muvaffaqiyatiga ulkan hissa qo‘shgan qahramonlar esa, Kevin bilan birga yana ikki notavon, ammo haddan tashqari «shafqatsiz» o‘g‘rilar Garri va Marvdir. Ularni ijro etgan aktyorlar Jo Peshi va Daniyel Stern ekrandagi qahramonlaridan farqli o‘laroq, o‘ziga xos hayot yo‘lini tanlagan insonlardir.
Jo Peshi: qattiqqo‘l timsol ortidagi yopiq inson
Jozef Frank Peshi 1943-yil 9 fevralda Nyu-Jersi shtatining italyan muhojirlari oilasida tug‘ilgan. U kino tarixida, asosan, jahldor, keskin va qattiqqo‘l qahramonlar orqali tanilgan. Ammo shaxsiy hayotida sokinlik va yopiqlik ustuvor bo‘lgan.
Peshi hayoti davomida bir necha bor uylangan, ammo nikohlari ommadan hamisha uzoq saqlangan. Peshining bir qizi bor va ota uning hayotini ommadan himoya qilishni o‘z burchi deb biladi. Peshi kamdan-kam intervyu beradi.
Jo Peshi kino tarixida, ayniqsa, gangster va jinoiy dunyo qahramonlarini o‘ta ishonchli va ta’sirli ijro etgan aktyor sifatida tanilgan. Uning aktyorlik uslubi keskinlik, ichki portlash va nazoratsiz hissiyot bilan ajralib turadi.
1980 yilda Martin Skorseze tomonidan suratga olingan «Darg‘azab buqa» filmi Peshining karerasida burilish yasadi. Bu filmda u Jeyk la Mottaning yaqin do‘sti va menejeri Joi la Motta rolini ijro etdi va tanqidchilar e’tiborini tortdi.
1990-yilda ekranlarga chiqqan mashhur «Yaxshi yigitlar» filmida Peshi Tommi de Vito obrazi bilan namoyon bo‘ldi. Bu rol unga «Oskar» mukofotini olib keldi. Tommi – zo‘ravon, «portlovchi» fe’li bilan kino tarixidagi eng qo‘rqinchli va ta’siri kuchli qahramonlardan biri hisoblanadi.
Komediya janrida esa Peshi «Mening ammavachcham Vinni» (1992) filmida noodatiy, bir oz sodda, ammo zukko advokat Vinni Gambini rolini ijro etib, mutoyibaga moyil tomonini yana bir bor isbotladi.
Shuningdek, u «Qimorxona», «Qotil qurol», «Irlandiyalik» filmlarida o‘ynagan.
1990-yil o‘rtalaridan aktyor ixtiyoriy ravishda Hollivuddan bir qadam chetga chiqdi. U shon-sharaf, alvon yo‘laklar va doimiy diqqat-e’tibordan ko‘ra, tinch hayotni afzal ko‘rdi. Bu davrda musiqa, ayniqsa jazga yanada yaqinlashdi va o‘zini ijodiy sukut qo‘ynida saqlashga intildi. Peshi uchun aktyorlik faoliyati kasb bo‘lsa, shaxsiy hayot – daxlsiz hududdir.
Daniyel Stern: sokinlikni tanlagan ijodkor
1957-yil 28 avgustda Merilend shtatda tug‘ilgan Daniyel Yakob Stern ekranda sodda va miqtidan kelgan Marv obrazi bilan mashhur bo‘ldi. Hayotda esa u mutlaqo boshqacha inson – chuqur fikrlaydigan, oilaparvar va ko‘p qirrali ijodkor sifatida tanilgan.
Daniyel Stern kino faoliyatini dramatik rollar bilan boshlagan. 1979-yili u «Uzilish» filmida asosiy qahramonlardan birini o‘ynadi. Mazkur kinoasar «Oskar» mukofotiga sazovor bo‘ldi va Sternning jiddiy aktyor sifatidagi imkoniyatlarini namoyon etdi.
Keyinchalik u «Shaharlik noziklar» filmida (1991)-samimiy va hayotiy qahramon obrazini yaratdi. Bu rol uning komediya janridagi muvaffaqiyatlaridan biri bo‘ldi.
Televideniye orqali esa Stern millionlab tomoshabinlarga «Mo‘’jizali yillar» seriali bilan yaxshi tanish. Aktyor unda bosh qahramonning katta yoshdagi ovozi – hikoyachi sifatida ishtirok etgan. Bu ovoz uning aktyorlik karerasida alohida o‘rin tutadi. Stern, shuningdek, «O‘rmonda qolib ketgan», «Juda yomon ishlar», «Moviy osmon» va boshqa filmlarda ham ishtirok etgan.
Sternning rollari ko‘pincha soddalik ortidagi insoniylik, ichki kurash va hayotiy hazil-mutoyiba bilan boyitilgan.
Deniyel Stern uzoq yillardan beri rafiqasi Lorell Stern bilan barqaror va osoyishta oilaviy hayot kechirib keladi. Ularning uch nafar farzandi bor. Aktyor ko‘p bor ta’kidlaganidek, hayotidagi eng muhim rol, bu – ota rolidir.
1990-yillardan so‘ng Stern ham ongli ravishda Hollivud shov-shuvidan chekindi. U Kaliforniyada sokin hayotni tanlab, tabiat bilan uyg‘un yashashga harakat qildi. Fermerlik bilan shug‘ullanib, kundalik hayotni oddiy mehnatga bag‘ishladi. Ma’lum vaqt o‘tgach, Stern o‘zini boshqa ijodiy yo‘nalishlarda ham sinab ko‘rdi – haykaltaroshlik va rassomchilikka jiddiy kirishdi. U yaratgan bronza haykallar AQShning bir qator shaharlaridagi jamoat joylarida o‘rnatilib, san’at shinavandalariga namoyish etildi.
Ikki qahramon, ikki hayot yo‘li
Ikki o‘g‘ri – Garri va Marv «Uyda yolg‘iz» filmiga jon kiritib, tomoshabinni hozirgacha kuldiradi. Bu qahramonlarni ijro etgan aktyorlarni bog‘lab turgan umumiy jihat – san’atga sidqidildan yondashishdir.
Jo Peshi va Daniyel Stern nafaqat iste’dodli aktyor, balki o‘z hayot tanlovi bilan ham hurmatga sazovor insonlar sifatida kino tarixida qoladi.
Akbar Fathullayev


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter