Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hududlarda 5 nafar mansabdor poraxo‘rlikda gumonlanib qo‘lga olindi

Hududlarda 5 nafar mansabdor poraxo‘rlikda gumonlanib qo‘lga olindi

DXX axborot xizmati Sirdaryo, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida korrupsion holatlarga chek qo‘yilganini ma’lum qildi.

Xususan, Sirdaryo viloyatining Xovos tumani hokimi o‘rinbosari o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi MChJga tegishli yerlarni hokimlik zaxirasiga olmaslik, aksincha, sug‘orish ishlariga sharoit yaratib berish va faoliyatiga hech kim aralashmasligi evaziga 20 ming AQSh dollari talab qilib, 1 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura xodimlari tomonidan ushlandi.

Shuningdek, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Toshkent viloyat filialining bo‘lim boshlig‘i va muhandisi o‘zaro til biriktirib, Qibray tumanidagi qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonani 3 fazali elektr tarmog‘iga ulash va transformator o‘rnatib berish, shuningdek, boshqa texnik hujjatlarini tayyorlashda ko‘maklashish evaziga 39 ming AQSh dollari miqdorida pora talab qilishadi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Toshkent viloyat filiali muhandisi so‘ralgan pul mablag‘idan 30 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani IIB jinoyat qidiruv bo‘linmasi katta tezkor xodimi ham xizmat mavqeidan foydalanib, o‘zining ish yurituvida bo‘lgan tergovga qadar tekshiruv materiali yuzasidan yakka tartibdagi tadbirkorga nisbatan Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish evaziga, tamagirlik yo‘li bilan undan 1500 AQSh dollari miqdorida pora talab qiladi va avvalroq ushbu pul mablag‘i hisobidan 400 AQSh dollari oladi.

Lekin, u talab qilingan puldan yana 400 AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Sergeli tumani IIO FMB 2-sonli ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori 5 ming AQSh dollarini pora sifatida olgan vaqtida ushlandi.

Aniqlanishicha, u ushbu pul mablag‘i evaziga, o‘zaro janjal oqibatida xorijiy fuqaroga tan jarohati yetkazgani bo‘yicha mahalliy fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atmasdan, holatni ma’muriy huquqbuzarlik sifatida malakalashni va’da qilgan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, mazkur shaxslarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring