Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Milliy qonunchiligimiz Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtiriladi

Milliy qonunchiligimiz Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtiriladi

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qonunchilik palatasiga «O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligining Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi kiritildi, deya xabar qildi quyi palata matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, ushbu qonun loyihasi bilan intellektual mulk ob’yektlarini ro‘yxatga olish jarayonlarida byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda sohada davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini soddalashtirish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, milliy intellektual mulk tizimi hamda reklama qonunchiligi Jahon savdo tashkiloti bitimlarida belgilangan talablarga uyg‘unlashtirilmoqda.

Yaqin kunlarda mazkur loyiha Qonunchilik palatasi majlisida xalq vakillari tomonidan ko‘rib chiqilishi ta’kidlangan.

Ayni paytda qonun loyihasi quyi palataning Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar vakillari bilan birgalikda takomiliga yetkazilmoqda.

«Qonun loyihasi orqali qonunchilikka kiritilishi taklif etilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, avvalo, xalq va davlat manfaatlarini, yurtimiz iqtisodiyotining kelgusidagi o‘sish sur’atlarini inobatga olgan holda har tomonlama muhokama qilinmoqda», — deyiladi xabarda.

Loyiha Qonunchilik palatasi majlisi muhokamasiga kiritilgunga qadar siyosiy partiyalar fraksiyalari majlislarida ham atroflicha muhokamalardan o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2019-yilda mazkur xalqaro tuzilmaga qo‘shilish jarayonini qayta boshlagan. Mart oyida Jenevada ushbu jarayon bo‘yicha ishchi guruhning oltinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston uch davlat bilan muzokaralarni deyarli yakunlagan. Ishchi guruh tarkibiga jami 47 davlat kiradi, 31 davlat bilan faol muzokaralar olib borilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev yaqin orada Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lish O‘zbekiston iqtisodiyotini liberallashtirish yo‘lidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini aytgandi.

15-noyabr kuni O‘zbekiston prezidentining Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha maxsus vakili Aziz O‘runov va Saudiya Arabistonining JSTdagi elchisi Saqer Almoqbel tovar va xizmatlar bozoriga chiqish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash to‘g‘risida bayonnoma imzolagandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring